Vazir o‘rinbosari ta'limning yangi shakli – PTT qanday bo‘lishi borasida tushuntirish berdi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Murodilla Xolmuhammedov O‘zbekistondagi kasb-hunar ta'limi tizimi o‘rniga joriy qilinayotgan yangi shakl – professional ta'lim tizimi bo‘yicha tushuntirish berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2020 yilga qadar 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida ta'lim tizimidagi bosqichlardan biri sifatida o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi nomli professional ta'lim tizimi amal qildi. Unga ko‘ra, o‘quvchilar 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta'limni o‘zlashtirish belgilangan edi.
Xolmuhammedovga ko‘ra, prezident Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 6 sentyabr kuni imzolangan «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon bo‘yicha avvalgi, 23 yil amalda bo‘lgan ta'lim tizimi ham qayta, tanqidiy tahlil qilingan. Bu tahlilda esa tizim, uning yoshlar, umuman, xalqqa qanchalik xizmat qilayotgani o‘rganilgan.
«Biz ikki-uch yillik o‘rganish davomida xalqaro tashkilot, institutlarning mutaxassislari va vazirliklar bilan avvalgi tizim o‘rniga professional ta'lim tizimi joriy qilishni ham kelishib oldik.
Xo‘sh, biz yo‘lga qo‘ygan yangi professional ta'lim tizimi avvalgi kasb-hunar ta'lim tizimidan nimasi bilan farq qiladi?
Javob shunday bo‘ladiki, avvalgi ta'lim tizimi bir xil qolipda, bir xil standartda ishlaydigan va davomiyligi 3 yil bo‘lgan o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilardi», – dedi vazir o‘rinbosari 16 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Murodilla Xolmuhammedov o‘z nutqi davomida, shuningdek, O‘zbekistonda amalga kiritilayotgan hozirgi, yangi ta'lim shakli bo‘yicha ham tushuntirish berdi.
«Bu yangi ta'lim shakli 3 yo‘nalishga bo‘linadi.
Birinchi yo‘nalish – kasb-hunar maktablari.
O‘quvchilar yuqori sinfda boshlang‘ich professional ta'lim dasturlari asosida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Kasb-hunar maktablarining soni 339 ta qilib belgilandi.
Biz kasb-hunar maktablariga birinchi bor qabulni amalga oshirdik va hozir o‘quv jarayonlari davom etyapti.
Ikkinchi yo‘nalish — idoraviy kollejlar.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalariga faol tarzda katta investitsiyalar kiryapti. Bu investitsiyalar bo‘yicha joylarda qilinayotgan loyihalarning barchasi yangi innovatsion texnologiyalarda ish yuritishga asoslangan. Yangi ochilayotgan ish o‘rinlari ham yangi texnologiyalarga asoslanadi.
Idoraviy kollejlarda esa shu ishlarga moslashgan kadrlar tayyorlanadi.
Shunday qilib, biz har bir vazirlik va idoralarga taqdimnoma berdikki, ular o‘z loyihalarini hayotga tatbiq qilishda ishtirok etadigan mutaxassislarni shu kabi idoraviy kollejlarni tugatgan mutaxassislardan oladi.
Uchinchi yo‘nalish — texnikumlar tarmog‘i.
Bu yo‘nalish sobiq Sho‘ro davrida faoliyat ko‘rsatgan texnikumlardan tubdan farq qiladi. Hozir bizda 185 ta yangi texnikumlar faoliyat boshladi. Sizda savol tug‘ilishi mumkin: “Xo‘sh, nimasi bilan farq qiladi?”
Bilasiz, har bir ta'lim muassasasining asosiy maqsadi u yerdagi ta'lim dasturida bayon qilinadi.
Bu texnikumlar uchun ham belgilangan professional dasturlar joriy qilindiki, uning o‘quv rejalari avvalgi texnikumlardan farq qiladi.
Uning dasturi oliy ta'lim dasturlari bilan uyg‘unlashtirildi. Shunga ko‘ra, texnikumlarning o‘quv reja va dasturlariga bakalavr bosqichining 4/1 qismida shakllanadigan bilim va malakalar singdirildi.
Endi prezident tashabbusi bilan imkoniyat berilyaptiki, o‘quvchi texnikumning bilim va malakasini yaxshi o‘zlashtirsa, u bitirgandan keyin OTMga imtihonsiz qabul qilinishi va bakalavrning ikkinchi kursidan o‘qishni davom ettirishi mumkin. Bu oldingi texnikumlar tizimida bo‘lmagan.
Shunday qilib bizda 3 toifadagi ta'lim muassasalarining tarmog‘i: kasb-hunar maktablaridagi boshlang‘ich professional, idoraviy kollejlarda o‘rta professional va texnikumlarda o‘rta maxsus professional ta'lim bosqichlari, ya'ni yangi ta'lim dasturlari shajarasi paydo bo‘ldi.
Ularning har birida o‘z maqsad va missiyasi bor. Biz hozir bu muassasalardagi ta'limning natijalarini rejalashtiryapmiz, maslahatlashyapmiz.
Hozir bu muassasalarga birinchi yil uchun qabulni amalga oshiryapmiz, ammo bilish kerakki, buning ortida hali juda murakkab jarayonlar: o‘quv jarayonini rejalashtirish, tashkil qilish va natijalarini ko‘ra bilish kabi mexanizmlar turibdi. Mana shu eng muhim islohotlarimizning yo‘nalishlari», — deya vazir o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024