O‘zbekiston | 20:46 / 19.11.2020
3037
3 daqiqa o‘qiladi

«Masofaviy ta'limda raqamli tafovutni yengib o‘tish asosiy vazifaga aylandi» - YUNISEF mintaqaviy direktori

19 noyabr kuni Toshkentda «Bolalarning ta'lim olish huquqi: pandemiya davridagi dolzarblik, bardavomlik va innovatsiyalar» mavzusidagi xalqaro veb-forum bo‘lib o‘tdi.

Foto: UNICEF

«Zamin» fondi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida, 20 noyabr – Jahon bolalar kuni arafasida tashkil etilgan forumda mahalliy va xorijlik faollar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Onlayn tadbirda so‘z olgan YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon pandemiya sharoitida bolalarning ta'lim olishini davom ettirishi borasida YUNISEF tomonidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaldi.

«YUNISEF ta'lim tizimini mos ravishda rag‘batlantirish uchun hukumatlar bilan birga faoliyat olib bordi. Biz inqirozni yumshatishga harakat qildik va ta'lim sohasidagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatladik. Masofaviy ta'limga o‘tish uchun tizimlar zudlik bilan moslashishiga to‘g‘ri keldi. Darslarni radio, televideniye orqali va onlayn shaklda o‘tishga harakat qilishdi. YUNISEF ta'lim tizimi davom etishini rejalashtirish va maktablarni ochish masalasi ustida hukumatlar bilan ish olib bordi.

Biz o‘qituvchilarga inklyuziv, sifatli ta'lim va aralash turdagi ta'lim uchun yangi uslublarni taklif etdik. Farzandlari uyda ta'lim olayotgan ota-onalarga tavsiyalar berdik. Shuningdek, bolalarning ruhiy salomatligi borasida psixologik ko‘mak ko‘rsatdik.

Aloqani ta'minlashda raqamli tafovutni yengib o‘tish asosiy vazifaga aylandi. Bunda imkoniyatlari cheklangan o‘quvchilar ham ta'lim olish imkoniga ega bo‘lishi ham muhim ahamiyatga ega.

YUNISEF butun dunyo bo‘ylab global ravishda va mazkur mintaqada ta'lim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish borasida innovatsion inqilobning harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Biz 227 milliondan ortiq bolalar uchun masofaviy o‘qib-o‘rganish, shuningdek, ayrim hollarda onlayn instrumentlardan foydalangan holdagi ta'limni qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi Afshan Xon.

YUNISEF vakili O‘zbekistonda bu borada olib borilgan ishlarni yuqori baholadi.

«O‘zbekistonda hukumatning ta'lim olishni davom ettirish, barcha bolalar uchun teng imkoniyatlarni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari yuqori bahoga loyiq, deb hisoblaymiz.

Raqamli texnologiyalar bilan qamrab olinganlikning joriy past darajasini hisobga olib, har bir bola ta'limni davom ettira olishi uchun televideniye orqali masofaviy ta'limning tatbiq etilishi alohida maqtovga loyiq.

Biz yaqinda qabul qilingan, har bir bola, shu jumladan, imkoniyatlari cheklangan bolalarning ta'lim olish huquqi kafolatlangan «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishini ham qo‘llab-quvvatlaymiz», – dedi YUNISEFning mintaqaviy direktori.

Mavzuga oid