Jahon | 00:00 / 19.11.2020
3532
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandda koronavirus sababli kiritilgan favqulodda holat yana 2 oyga uzaytirildi 

Tailand hukumati koronavirus sababli mart oyida kiritilgan umummilliy favqulodda holat rejimini Yangi yil bayramlari arafasida 2021 yil 15 yanvargacha uzaytirishga qaror qildi. 

Foto: Jorge Silva / Reuters

Bu boradagi qaror bosh vazir Prayut Chan-Ocha raisligidagi ishchi guruh yig‘ilishida qabul qilingan.

Tailand vazirlar mahkamasi ushbu qarorni kelasi haftada tasdiqlaydi. Bu mart oyida kiritilgan favqulodda holatning sakkizinchi marta uzaytirilishi bo‘ladi. Hukumat shu bilan birga oxirgi oylar ba'zi cheklovlarni yumshatib kelgan. Tailandda pandemiya sababli turizm sohasi katta zarar ko‘rgan.

Tailand hukumati AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi chiqarilishi bilan uni sotib olishga mablag‘lar ajratilishini tasdiqlagan. Bu maqsadda mamlakat budjetiga 26 mln doza vaksina sotib olish uchun 190,6 mln dollar mablag‘ kiritilgan. 

Tailand koronavirusdan kasallanish va o‘lim holatlari soni bo‘yicha dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega. JSST rahbari Tailandni pandemiyaga eng yaxshi tayyorlangan davlatlar qatoriga kiritgan.

Ayni vaqtda qirollikda pandemiya boshidan beri kasallanish holatlari soni 3,88 mingni, o‘lim holatlari soni 60tani tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid