10:42 / 26.11.2020
3196

Vazirlar Mahkamasi huzurida Biologik xavfsizlik kengashi tashkil etilmoqda

Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsad qilingan.

Prezident “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Quyidagilar:

2020-2024 yillarda biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi;

Biotexnologiyalar sohasida 2020-2024 yillarda bajariladigan ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-2024 yillarda biotexnologiyalar sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tomonidan tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Vazirlar Mahkamasi huzurida Biologik xavfsizlik kengashi tashkil etiladi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini tashkil qilish;
  • xavfli biologik omillar ta'siridan aholini himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xavf-xatarlarning oldini olish, biologik xavflarni monitoring qilish tizimini yaratish va rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar va takliflarni tayyorlash, ekspert baholash hamda ko‘rib chiqish;
  • mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadbirlarni amalda ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakat biologik xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha maqsadli vazifalarni bajarishdagi o‘zaro hamkorligini ta'minlash;
  • Bakteriologik (biologik) va toksik qurol-yarog‘larni ishlab chiqish, tayyorlash va to‘plashni man etish hamda ularni tugatish to‘g‘risidagi Konvensiya qoidalarining amalga oshirilishini ta'minlash;
  • muhim davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hamda mamlakatning biologik xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha choralar ko‘rish davomida yuzaga keladigan dolzarb masalalar hamda muammolarni, shu jumladan, omma o‘rtasida muhokama qilish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Kengash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi maslahat organi hisoblanadi va mamlakatning biologik xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, ilmiy, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini ta'minlash maqsadida tashkil etiladi;

Kengash o‘z faoliyatini majlislar shaklida yuritadi. Kengash majlislari zaruratga ko‘ra, lekin har yarim yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining respublikada farmatsevtika biotexnologiyalari va vaksina-zardob ishini rivojlantirish, mahalliy immunobiologik preparatlarni yaratishga yo‘naltirilgan faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi va uning ushbu yo‘nalishdagi asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • immunobiologik preparatlar (vaksinalar, zardoblar, test-diagnostikumlar va boshqalar) bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularni amaliyotga joriy etish;
  • mamlakatning biologik xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ilmiy-texnik va uslubiy jihatdan ta'minlash;
  • vaksina-zardob ishi bo‘yicha infeksiya kasalliklariga qarshi profilaktika, diagnostika, dori vositalari va preparatlarini yaratish, ularning ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish;
  • ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida biotexnologiya, immunologiya va mikrobiologiya sohasidagi ilmiy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish.
Top