O‘zbekiston | 23:14 / 01.12.2020
3677
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti kuni bilan tabrikladi

1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Mirziyoyev suhbat davomida Nazarboyevni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti kuni bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston Prezidenti Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va izchil rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi tarixiy roli, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasini alohida qayd etib o‘tdi.

Ikki mamlakat yetakchilari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi darajasini yuqori baholashdi.

Avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengayib borayotgan amaliy hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilayotganiga urg‘u berildi.

Telefon orqali muloqot chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Shuningdek, Mirziyoyev Nazarboyevga Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti kuni munosabati bilan tabriknoma jo‘natgan. O‘zbekiston prezidenti unda Elboshiga mustahkam sog‘lik, baxt va mamlakat ravnaqi yo‘lida ulkan zafarlar, Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik, farovonlik, barqaror rivoj tilagan.

1 dekabrda Qozog‘istonda Birinchi Prezident kuni nishonlanadi. 

2011 yilda Qozog‘iston parlamenti senati tomonidan “Qozog‘iston Respublikasi bayramlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritilib, unda 1 dekabr Birinchi Prezident kuni deb e'lon qilingan. Bayram Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning vatan oldidagi xizmatlarini tan olish va ta'kidlash maqsadida ta'sis etilgan.

Ushbu kun bejizga tanlanmagan. Chunki aynan 1991 yil 1 dekabrda Nazarboyev Qozog‘iston prezidenti etib saylangan. Shundan keyin u ushbu lavozimga 5 marta qayta saylangan, 2019 yilda esa ixtiyoriy ravishda o‘z vakolatlarini topshirgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid