Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
XTV huzuridagi respublika tashxis markazi faoliyati takomillashtiriladi
Umumiy o‘rta ta'lim tizimida inklyuziv sharoitlarda ta'lim oluvchilar uchun fanlarning o‘qitish metodikalari, uzluksiz ijtimoiy-psixologik xizmat ko‘rsatish tartibi va psixologlarning kasbiy mahoratini rivojlantirish maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Xalq ta'limi vazirligining vazirlik huzuridagi “O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi”ni Xalq ta'limi vazirligining “Respublika psixologik-pedagogik markazi” deb qayta nomlash bo‘yicha taklifi ma'qullanishi mumkin.
Quyidagilar Respublika psixologik-pedagogik markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
- umumiy o‘rta ta'limda inklyuziv ta'limni tashkil etishga qo‘yiladigan talablar, tayanch va variativ o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish;
- alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar va pedagoglar uchun maxsus namunaviy adaptiv ta'lim dasturlari, o‘quv adabiyotlari, metodik qo‘llanmalari va tavsiyalarini yaratish;
- alohida ta'limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun inklyuziv sharoit va ta'limda tenglik mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishda qatnashish;
- o‘z yo‘nalishida yaratilgan metodik adabiyotlarni ekspertiza qilish, ularni ta'lim tizimida qo‘llash bo‘yicha xulosa berish, ularni tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlariga rahbarlik qilish;
- umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 7-11-sinf o‘quvchilarini kasbiy qiziqishlari va qobiliyatlarini aniqlash bo‘yicha yagona onlayn platformani yaratish va ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
- 7-11 sinf o‘quvchilar uchun “Kasblar olamiga sayohat” hamda “Mening kelajakdagi kasbim” mavzusida maxsus kurs dasturini ishlab chiqish;
- Markaz o‘z yo‘nalishida psixologlar, o‘qituvchi-logopedlar, inklyuziv ta'lim pedagoglarini ishlab chiqarishdan ajralgan (kunduzgi) va ajralmagan (masofaviy) holda qayta tayyorlash kurslarini zamonaviy ta'lim texnologiyalari asosida tashkil etish;
- Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlari (KPI) asosida tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari Bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash markazlari metodistlari faoliyatining samaradorligini tahlil qilish va reytingini chiqarib borish.
Belgilab qo‘yilishicha:
- 2021 yil 1 apreldan Markaz direktorining mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy ta'lim muassasasi rektoriga, direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari – oliy ta'lim muassasasi prorektoriga, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari – oliy ta'lim muassasasining fakultet dekanining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
- Markaz ijtimoiy-psixologik xizmat, inklyuziv ta'lim sifatini oshirish maqsadida qo‘shimcha ravishda ishga jalb qilish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar, jumladan xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar imzolashi;
- Markaz rahbariyati va xodimlarining ish haqiga qo‘shimcha ustama belgilash, moddiy rag‘batlantirish, shuningdek kasbiy faoliyatida o‘rnak ko‘rsatayotgan xodimlarni xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida xorijga xizmat safarlari, ilmiy-amaliy seminarlar, konferensiyalarga yuborish uchun budjetdan tashqari topilgan mablag‘laridan foydalanishi mumkin;
- ta'lim muassasalari psixologlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasini berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish Respublika pedagogik-psixologik markazining rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi;
- psixolog xodimlarga barcha malaka toifalarini berish, shuningdek, talabgorlarni attestatsiyadan o‘tkazish soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, psixolog xodimlarning oliy ma'lumot yoki qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplomida ko‘rsatilgan tayyorlov, ta'lim yo‘nalishlari, mutaxassislik yoki ixtisosliklari bo‘yicha imtihonlar tashkil qilinadi va axborot tizimlarini qo‘llagan holda ularning faoliyat samaradorligi baholanadi;
- psixolog xodimlarga malaka toifalarini berish bo‘yicha navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im undirilmaydi, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Mavzuga oid
13:43 / 31.12.2025
2 mln fuqaro kasb-hunar, tadbirkorlik va xorijiy tillarga o‘qitiladi
08:52 / 22.11.2025
O‘rta maxsus ta’lim tarmog‘ida kasb-hunar maktablari yetakchilik qilmoqda
16:18 / 29.11.2024
O‘zbekiston mehnat bozorida talab eng yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar aniqlandi
13:50 / 24.05.2024