Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020 yil juda og‘ir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar ro‘y berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni o‘z nazoratiga olgan edi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad bo‘ldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablag‘i, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.

Hozirga kelib, har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etildi. Yangi mavzeda ishlab chiqarish loyihalari, mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyalarning tashkil etilishi albatta ish o‘rinlari yaratilishi orqali aholi bandligini ta'minlash imkoniyatini berdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oldida aholini doimiy ish bilan ta'minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishga ko‘maklashish bo‘yicha belgilab berilgan aniq vazifalar biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan bayoniga muvofiq, «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan tumanlarning ishsiz va band bo‘lmagan fuqarolarini doimiy ish bilan ta'minlash bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarligidagi Respublika Ishchi guruhi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ishchi guruh a'zolarining vazifalari belgilab olindi:

Birinchidan, talofat ko‘rgan tumanlarning doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi sonini aniqlash va ularning har birini ishga joylashtirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirish;

Ikkinchidan, aholi bandligini ta'minlash uchun xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bank kreditlarini ajratishga ko‘maklashish;

Uchinchidan, tadbirkorlik faoliyatlarini olib borishlari uchun yer uchastkasi, bo‘sh bino va inshootlar bilan ta'minlash, muxandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash bo‘yicha mavjud muammolarni doimiy ravishda o‘rganib borish va tezkorlik bilan hal etish choralarini ko‘rish;