O‘zbekiston | 20:29 / 18.12.2020
5002
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: O‘zbekiston prezidentining MDH sammitida migratsiya sohasidagi tashabbusi dolzarb muammo yechimiga qaratilgan

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti Abror Yusupov prezident Shavkat Mirziyoyevning MDH sammitidagi tashabbuslari yuzasidan fikr bildirdi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir qator tashabbuslar bildirildi.

Avvalo, so‘nggi yillarda turli xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston prezidenti tomonidan bildirilayotgan tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz milliy manfaatlariga to‘la mos kelishini, balki ularning ushbu tadbirlarning kun tartibidagi asosiy masalalarga aylanayotganini ta'kidlash lozim.

Mazkur sammitda Shavkat Mirziyoyev MDH hududida ishlovchi mehnat migrantlarining malakasi, kasbiy salohiyati va tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi bo‘yicha hujjatlarni o‘zaro tan olishning davlatlararo yagona mexanizmini yaratish hamda mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlik Dasturini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Asosiy maqsad – MDH hududida ishlayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoya qilishdan iborat.

Ushbu tashabbuslar bir qator jihatlari bilan e'tiborga molik. Xususan, mazkur tashabbuslarning amaliyotga faol tatbiq qilinishi MDHga a'zo davlatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda Hamdo‘stlik hududida umumiy mehnat bozorining zamonaviy tendensiyalarga mos ravishda ijobiy o‘zgarib borishiga turtki beradi.

Pandemiya sharoitida bu juda muhim va strategik ahamiyatga ega. Zero, tashqi mehnat migratsiyasining tub mohiyatiga e'tibor beradigan bo‘lsak, unda oddiy odamlarning hayotiga guvoh bo‘lamiz. Shu nuqtayi nazardan, MDH sammitida Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi tashqi migratsiyada band bo‘lgan

(shu jumladan, qiyin vaziyatga tushib qolgan) odamlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqini himoya qilish, munosib ish sharoitini yaratish kabi dolzarb vazifalarni qamrab olgan.

Ta'kidlash kerakki, tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish, uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish jahon hamjamiyati oldida turgan ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. Agarda raqamlarga e'tibor beradigan bo‘lsak, bugun dunyoda 1 mlrd odam migratsion jarayonlarning ishtirokchisi hisoblanadi. Shundan 270 mln kishi o‘z davlatidan tashqarida ishlaydi. Umuman olganda, har tomonlama tartibga solingan, xavfsiz tashqi migratsiya amalda ishchi kuchi resursining mobilligini oshiradi, ushbu sohada band bo‘lgan odamlarning qo‘shimcha ko‘nikma va bilimga ega bo‘lishi uchun imkoniyat yaratadi.

Shu ma'noda, davlatimiz rahbarining migratsiya sohasidagi tashabbusi ushbu yo‘nalishda MDH tashkilotining mavjud imkoniyat va salohiyatini yanada to‘laroq yuzaga chiqarish va bu orqali a'zo-davlatlar fuqarolari hayot tarzini yaxshilashga qaratilgani bilan diqqatga sazovor. Bu esa, o‘z navbatida, hamdo‘stlikka a'zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar rivoji uchun ham yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston raisligidagi MDHning ushbu sammiti, yaqin kelajakda o‘zining ijobiy natijasini berishi shubhasiz. Zero, ushbu tashabbuslar zamirida oddiy odamlar turmush tarzini yanada yaxshilash, ularning farovonligini oshirish kabi muhim hayotiy masalalar mavjud.

Mavzuga oid