O‘zbekiston | 08:03 / 26.12.2020
3268
4 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi 3ta loyihani moliyalashtirishni ma'qulladi

BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi boshqaruv qo‘mitasi arizalarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi chaqiriq doirasida yoshlar, innovatsiya va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlariga oid umumiy qiymati 6 mln AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 3ta loyihani moliyalashtirishni ma'qulladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu arizalar mustaqil ekspertlardan iborat baholash qo‘mitasi tomonidan oldindan ko‘rib chiqildi. Ekspertlar tarkibiga hukumat organlari vakillari, BMT xodimlari, mustaqil ekspert va trast fondi texnik kotibiyati a'zosi kiradi. Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha arizalar trast fondi talablariga javob beradi deb topildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.

Birinchi loyiha — “COVID-19 paytida va undan keyin yoshlarning iste'dodlarini jalb qilish va suv, sanitariya, gigiyena, ovqatlanish sifatini yaxshilash orqali Qoraqalpog‘istonning barqaror kelajagiga sarmoya kiritish" — BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YuNODS) va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan birgalikda amalga oshiriladi. Loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan 5000 bola va o‘spirinning sog‘lig‘ini mustahkamlashga hamda ovqatlanishini yaxshilashga qaratilgan. 10-17 yoshli o‘n ming qiz mikronutriyentlar bilan ta'minlanadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining uchta tumani — Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Bo‘zatovdagi 15ta maktabda sog‘liqni saqlash infratuzilmasi yaxshilanadi.

Loyiha orqali har yili 181 mingdan ziyod kishi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xususan, 20ta birlamchi tibbiy-sanitar yordam muassasasida suv ta'minoti tizimi va sanitariya-gigiyena infratuzilmasi yaxshilanadi. Bundan tashqari, 520 nafar yoshlar malaka oshirish dasturlari doirasida bilim va imkoniyatlarini kengaytiradi.

Ikkinchi loyiha — “Orolbo‘yi mintaqasining zaif aholi punktlarida iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun moslashuvchan salohiyatini kuchaytirish orqali yoshlarning va zaif aholining ijodiy va innovatsion salohiyatini targ‘ib qilish” BMTning Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YuNODC) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda amalga oshiriladi. Dastur 1500ga yaqin qishloq yoshlari va ayollarni qamrab oladi. Xususan, yoshlarning startap-loyihalari va biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tashabbuslar joriy etiladi. 

Bundan tashqari, dastur 300 nafar ayol va yoshlarga qishloq xo‘jaligida yangi usullarni qo‘llash imkoniyatini beradi hamda qishloq xo‘jaligi kooperativlari va 9ta namoyish maydonchasini tashkil etish orqali 75 kishini ish bilan ta'minlash uchun sharoit yaratadi. Qolaversa, 120 talaba va 300 nafar yoshlar raqamlashtirish sohasidagi tashabbuslar, platformalar, ijtimoiy infratuzilma loyihalari yordamida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida o‘z kasbiy salohiyatlarini oshiradi.

Uchinchi loyiha — “Qoraqalpog‘istonda sog‘liqni saqlash va xavfsizlikni umumxalq qamrab olish yo‘lida”, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Tibbiy muassasalar, tibbiy asbob-uskunalar va kadrlar resurslariga kelgusidagi investitsiyalar to‘g‘risida ma'lumot berish uchun Mo‘ynoq tumani aholisining ehtiyojlarini baholash amalga oshiriladi. Loyihani hayotga tatbiq etish mintaqadagi aholi xavfsizligi, shu jumladan suv, energetika va yo‘l infratuzilmasining yanada kengroq jihatlarini hisobga olishga imkon beradi.

Asosiy donorlar (trast fondi) Yevropa ittifoqi, Finlandiya, Norvegiya, Koreya Respublikasi va O‘zbekiston hukumatlari hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid