«Barselona»dan ketishi, aldangani va 8:2 haqida. Messi katta intervyu berdi
«Barselona» hujumchisi Lionel Messi yangi yil ta'tiliga ketish oldidan La Sexta nashriga katta intervyu berdi. Futbolchi suhbat davomida ko‘plab mavzularda muxlislarni ikkilantirayotgan savollarga ochiq javob bergan.

«Barselona» haqida
– Doim aytganman: «Barselona» – mening hayotim. Bu yerda 13 yoshimdan buyon yashayman, futbol o‘ynayman. Barselonada vatanim Argentinadan ko‘proq vaqtim o‘tgan. Klub men uchun hamma narsa berdi. Meni futbolchi va inson sifatida tarbiyaladi, shu sabab «Barselona» uchun borimni berishga tayyorman. Men va Barselonani muhabbat bog‘lab turadi. Axir mening bolalarim ham shu yerda tug‘ilgan. Klub bilan muhabbatimizga hech narsa daxl qilmasligi kerak.
O‘tgan yoz men uchun juda yomon keldi. To‘g‘risi, doim yozda xafa bo‘laman, chunki mavsum tugaydi. O‘tgan yil nima bo‘lsa bo‘ldi. Sodir bo‘lgan voqealar menga, jismoniy holatimga, o‘yinimga salbiy ta'sir qildi. Hozir esa hammasi joyida, o‘zimni yaxshi his qilyapman va sovrinlar uchun kurashishga tayyorman.
Albatta, sport muammolari sabab yig‘laganim yo‘q, lekin juda qiynaldim. Aynan sport bilan bog‘liq muammolar meni qiynadi va mavsum avvalida juda yomon holatda edim.
Bartomeu yomon gaplar tarqatgani haqida
– U meni ko‘p masalada aldagan. To‘g‘risi, juda ko‘p narsalarda. Aynan nimalar bo‘lganini aytolmayman, chunki klubdagi gaplarni tashqariga chiqarish niyatim yo‘q. U ko‘p narsalar va'da qilib, bajarmadi, uzoq yillar meni aldab keldi. Rahbariyat Luis Suares bilan qilgan ishidan hayratga tushdim. Ular Suaresni asosiy raqobatchilarimizdan biriga bepul berib yuborishdi. Suares ketganini qabul qilishning o‘zi og‘ir, lekin uning qanday ketgani... Bu juda yomon bo‘ldi.
Bartomeu meni yomon inson deb ko‘rsatish uchun har xil mish-mishlar tarqatgan (Bartomeu bu uchun maxsus piar jamoasi shakllantirib, ularga pul to‘lagan). Men undan shunchaki ketishimda yordam berishini, meni tushunishini so‘radim. U esa faqat «Yo‘q, yo‘q, yo‘q», derdi.
Yangi prezident kim bo‘lishini bilmayman, nomzodlardan hech biri menga qo‘ng‘iroq qilgani ham yo‘q. Men saylovlarda ovoz bermasam ham kerak. Kim kelsa ham, klub og‘ir holatda, «Barselona»ni yuqori o‘rinlarga qaytarish uchun ishlash kerak. Klub moliyaviy qiyin holatda, yangi futbolchilarni jalb qilish uchun pul yo‘q. Avvalo moliyaviy holatni yaxshilash kerak.
«Bavariya»ga qarshi o‘yinda 2:8 hisobidagi mag‘lubiyat haqida
– Men ko‘p mag‘lub bo‘lganman, lekin o‘sha kuni juda og‘ir bo‘ldi. Chunki juda yomon tarzda mag‘lub bo‘lgandik. Og‘ir o‘yin, umuman, biz uchun og‘ir yil bo‘ldi. Mag‘lub bo‘lishimizni tushunish mumkin, lekin bunaqa yengilmaslik kerak.
Neymar va Suares bilan umumiy chat haqida
– Ha, chatimiz bor. Neymar birga o‘ynaymiz, demadi, yana birga o‘ynashni xohlardim, dedi, to‘g‘rimi? Neymar haqidagi mish-mishlarni eshitib, kulib qo‘ydim, chunki bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin mantiqan qarasak, uning narxi juda baland bo‘lishi kerak.
Grizmann haqida
– U bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Biz kiyinish xonasida yoki o‘yindan keyin birga mate (paragvaycha choy) ichamiz. Uning «Barselona»ga kelishini xohlamaganimni aytishadi, lekin bu noto‘g‘ri. Oramizda hech qanday muammo yo‘q.
Ruhshunosga bormasligi haqida
– Xotinim doim ruhshunosga bor deydi, bu menga kerakligini ham bilaman, lekin bormaganman. Men barchasini o‘z ichimda saqlaydigan odamman, hech qachon qiynalayotganimni bildirmayman. Ruhshunos qabuli men uchun foydali bo‘lishini bilaman, lekin bormayman.
Maradonaning o‘limi haqida
– Bu haqda menga otam yozib qoldi. Yangiliklarni yoqib, hammasini bildim. Diyego betobligini bilsak-da, uning o‘limi kutilmagan bo‘ldi. Bunga ishona olmadim. Uni eslab kiygan futbolkamni «Nyuells»dan kimdir sovg‘a qilgandi. Uni saqlab qo‘ygandim va kiyish vaqti kelganini angladim. Gol urishim kerakligini his qilgandim. Gol esa umuman kutilmaganda sodir bo‘ldi. O‘limim haqida o‘ylaymanmi? Yo‘q, bu haqda gapirishni ham istamayman.
Faoliyatidagi eng yaxshi murabbiylar
– Pep va Luis Enrike. Pepda noodatiy nimadir bor. U hech kim ko‘rmaydigan narsalarni ko‘rishga yordam beradi, himoya va hujumni juda zo‘r tayyorlaydi. Pep va Luis Enrike kabi eng zo‘r murabbiylar bilan ishlash baxtiga sazovor bo‘lganimdan xursandman. Aynan ular sabab men futbolni va taktikani yaxshiroq tushuna boshladim. Pep bilan hamon gaplashib turaman, lekin uning jamoasiga o‘tish haqida emas.
Kuman jamoadagi vaziyatga to‘g‘ri baho berib, yaxshi ishlayapti. Hozir juda qiyin vaziyat. Jamoada futbolchi juda ko‘p, biroq vaziyat asta-sekin yaxshilanib bormoqda.
Kelajakdagi rejalar va AQShda o‘ynash haqida
– Hozircha hech narsa aniq emas. Mavsum yakunlanishini kutaman va iyunda bir qarorga kelaman. Hozir faqat jamoa haqida, sovrinlar yutish haqida o‘ylash, oddiy narsalarga chalg‘imaslik kerak. Xavi kelsa, qolamanmi? Bilmayman, mavsum tagasin keyin ko‘ramiz. Men doim boshqa ligalarda o‘ynab ko‘rishni orzu qilganman. Masalan, AQShda. Balki bu amalga oshar ham, hozir bo‘lishi shart emas. Lekin «Atletiko» va «Real»ga o‘tmasligim aniq. Hozir butun diqqatim keyingi 6 oydagi o‘yinlarga qaratilgan.
Faoliyatimni tugatgach, murabbiy bo‘lmasam kerak, balki sport direktori bo‘larman. Menga yoqadigan va klubga foyda keltiradigan futbolchilarni chaqirish qiziqarli ish. Qayerga ketsam ham yashash uchun Barselonada qolaman. Klubdan ketsam ham, bu chiroyli tarzda sodir bo‘lishi kerak. Klubga doim qayta olishim va buni munosib tarzda amalga oshirishim kerak. «Barselona» har qanday futbolchidan katta, umid qilaman, u g‘alabali yurishiga qaytadi.
Yangi yil tilagi
Barchani qiynagan bu og‘ir yil tezroq tugasin va kelasi yil hammasi yaxshi bo‘lsin.
Mavzuga oid

09:37 / 16.05.2025
«Barselona» - Ispaniya chempioni! Yamal «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar

21:21 / 11.05.2025
«Barsa» 7 ta gol urilgan klasikoda g‘alaba qozonib, amalda chempionlik masalasini hal qildi

18:36 / 07.05.2025
Tajriba sinovi. «Barsa» nega yarimfinaldan o‘tolmadi?

02:38 / 07.05.2025