16:43 / 06.01.2021
7784

«Sarflab bo‘lingan budjetni hokimlar tasdiqqa olib kiryapti. Bu noto‘g‘ri» - Norboyeva mahalliy kengashlar faoliyati haqida

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva mahalliy kengashlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish zarurligi to‘g‘risida gapirdi.

Foto: Senat matbuot xizmati

«Mahalliy kengashlar joriy yilda quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Birinchidan, bugungi kungacha mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining 20dan ortiq masalalar bo‘yicha mahalliy kengash sessiyasida hisobot va axborot berishlari belgilab qo‘yilgan, shunday ekan, ushbu masala mahalliy kengashning ish rejasida to‘liq aks ettirilishi maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, mahalliy budjet ijrosiga o‘ta mas'uliyat bilan yondashish kerak. Hokimlar sarflab bo‘lingan budjetni tasdiqlatib olish uchun mahalliy kengash sessiyasiga olib kirishyapti. «Bu sarflab bo‘lindi, shu xarajatlarni tasdiqlab berishingizni so‘raymiz», deyishyapti.

Noto‘g‘ri bu narsa. Mahalliy kengashlar bunday ishlarga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi. Mahalliy kengash sarflab bo‘lingan budjet mablag‘larining sarflanganligini tasdiqlab beruvchi emas, aksincha, budjetni ijroga yo‘naltirishga ruxsat beruvchi organga aylanishi bugungi kun talabidir.

Nima uchun respublika budjeti parlament quyi palatasi, senatda qonun sifatida tasdiqlanib, prezidentimiz tomonidan imzolangandan keyin sarflana boshlaydi? Nima uchun respublika darajasida bu narsaga amal qilinadi, nima uchun mahalliy hokimliklar bu narsaga itoat qilmaydi? Albatta, biz huquqiy davlatda yashayapmiz, bunga o‘rganishimiz kerak.

Uchinchidan, har bir tuman va shahar hokimi 1 fevralga qadar hududda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqadi, mahalliy kengash esa har chorakda ushbu dasturning ijrosi bo‘yicha hisobotni eshitib, muhokama qilib boradi.

To‘rtinchidan, «temir daftar», «ayollar daftari», «yoshlar daftari» bo‘yicha chora-tadbirlar dasturlarining ijrosiga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Sektor rahbari tomonidan tegishli daftardan chiqarish bo‘yicha kiritilgan ro‘yxatdagi har bir fuqaroning oilasini joyiga chiqib o‘rganish zarur. Aks holda, mahalliy kengash muammoning hal etilishini nazorat qiluvchi emas, balki uni yashirishga imkon beruvchi organga aylanib qoladi», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi, shuningdek, mahalliy kengashlardagi deputatlarni saylovchilar tanimasligi, ularning ustidan shikoyatlar ko‘pligiga e'tibor qaratib, hududlarda hal etilmagan yoki to‘g‘ri tushuntirilmagan har qanday masala ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta'sir ko‘rsatishini ta'kidlagan.

«Senatga joylardan mahalliy kengash deputati faoliyatidan minnatdorlik xatlari bilan birga, o‘z deputatini tanimasligi, mahallaga biror marta kelmaganligi, murojaatga umuman javob bermasligi kabi holatlar bo‘yicha ham murojaatlar kelmoqda. Bu kabi holatlardan shunday xulosa qilish mumkinki, ayrim deputatlar xalqning vakili sifatidagi vazifasini bajara olmayapti.

Shu bois, joriy yilda har bir deputat o‘zi saylangan hudud aholisi, ya'ni saylovchilari bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yishi, muammolarini hal etishga ko‘maklashishi, asossiz masalani ko‘targan fuqaroga qonuniy tushuntirish bera olishi zarur.

Bir narsani esdan chiqarmasligimiz lozim – hal etilmagan yoki to‘g‘ri tushuntirilmagan har qanday masala ijtimoiy kayfiyatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shunday ekan, har bir masalaga alohida mas'uliyat bilan yondashish kerak», dedi Tanzila Norboyeva.

Top