Bloger Shahnoza Soatova ushbu masala yuzasidan o‘z fikrini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktablarni ochish kerakmi yo yo‘qmi degan masala bugun qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasida bahsga sabab bo‘lyapti.

“Oliy vakillik organi namoyandalari o‘zlarida amalda vakolat yo‘qligini pesh qilib (aslida qonunan bor), maktablar ochilishi masalasida qaror qabul qilish mas'uliyatini zimmalariga olishdan qo‘rqayotgandek. Tepamizda hokim, biz hech narsa qilolmaymiz deyishyapti. Uyat, ochig‘i, juda uyat!

Birinchidan, avval nimadir qilishga urinib ko‘rish kerak. Mahalliy kengashlarga bunchalik mas'uliyatli vazifa avval hech topshirilmagandir balki. Lekin qaror qabul qilib, jarayonlarda o‘z ishtirokini ko‘rsatishni nimadandir boshlash kerakmi? Garchi bu boshlash shu qadar og‘ir vazifa bo‘lsa ham. Maktablarni ochish-ochmaslik masalasi mas'uliyatli qaror va uni qabul qilishda deputatlarga hokimlar ham qarshi chiqolmaydi, chunki bunday sharoitda hokimlar ham mas'uliyatni salmog‘ini ko‘rib, hayiqib turishibdi. Ha, bugun deputatlarga shu orqali sinov keldi, imkoniyat keldi. Endi chetga qochish to‘g‘rimi? Deputat degani faqat yengil, 100 foiz kafolatli, riski yo‘q qarorlarni qabul qiladimi? 

Ikkinchidan, deputatlarimiz qachon o‘zlarida qonunchilik tashabbusi mas'uliyatini his qilishadi? To‘g‘ri, monopoliya, yuqori bojlar, jumladan, import bojlari, mulk huquqi masalalari bo‘yicha ancha jonlanib, turli harakatlarni qilishyapti. Faqat ular bari xalq, saylovchilar turtkisi, so‘rovi ortidan va yana bu ishlarni amalga oshirganda imijga katta bonuslar olib keladigan, har qanaqasiga yutuqli yurishlardir. Biroq pandemiya sharoitida qancha muammolar borki, o‘zlari ko‘rib, qonunchilik tashabbusi bilan chiqishlari kerak edi. Nima ish qildilar bu borada? Savolni bu tarzda qo‘yayotganim sababi shuki, har qanday tashabbus ortida risk turadi.

Uchinchidan, kengashlardan so‘ralayotgan eng asosiy narsa, joylarda maktablarning o‘quv jarayonini boshlashga tayyor-tayyor emasligini o‘rganish va obektiv qaror berish. Chunki joylardagi xalq ta'limi bo‘limlari maktablar tayyor deb yolg‘on ma'lumot berishi mumkin. Qolaversa, ota-onalar ham bolasini maktabga chiqarish yo chiqarmaslik qarorini faqat sub'yektiv holatidan kelib chiqib beradi. Masalan, man bolamni maktabga chiqarishga qaror qilsam, farzandlarim virusni boshdan kechirib bo‘ldi-ku deyman-da, aslo o‘qituvchilar boshqa bolalardan kasal yuqtirib olsa-chi demayman. Shunday sharoitda xalq saylagan, ijro hokimiyatiga qaysidir ma'noda muxolif, qolaversa, ota-onalarning sub'yektiv fikrlarini jamlab obektiv xulosaga aylantiruvchi halqa sifatida oliy vakillik organlari tarozini rostlashi kerak.