Trampning tarafdorlari hafta boshidayoq «Amerikani qutqarish marshi» nomi ostidagi norozilik namoyishlarini boshlashgandi.

Seshanba kuni kechqurunga kelib Amerika poytaxtidagi mehmonxonalarda bo‘sh joylar qolmagan, chorshanba kuni tongida esa Milliy xiyobon - Vashington markazidagi jamoat xiyoboni - Tramp saylovoldi kampaniyasining bayroqlarini ko‘tarib, Jo Baydenning saylovlardagi g‘alabasini bekor qilishni talab qilayotgan mingab kishilar bilan to‘lib-toshgandi.

«Demokratlar g‘alabani bizdan o‘g‘irlashdi, ammo biz Donald Trampni qo‘llab-quvvatlaymiz va hech qachon saylov natijalarini tan olmaymiz», degan Shimoliy Dakota shtatidan poytaxtga kelgan respublikachilar tarafdorlaridan biri Driskoll Higgins BBC Russian muxbiri bilan suhbatda.

Senat va Vakillar palatasi a'zolarining qo‘shma majlisi boshlanishiga ikki soat vaqt qolganida (unda Jo Baydenning g‘alabasi rasman tan olinishi kerak edi), Tramp o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qilib, ularni Kapitoliyga kirish va u yerda prezidentlik saylovlari natijalarini inkor qilishni rejalashtirgan respublikachi senatorlar va kongressmenlarni qo‘llashga chaqirdi.

Jacquelyn Martin / AP / Scanpix / LETA

«Biz Kapitoliyga boramiz. Biz jasur senatorlarimizni, Kongress a'zolarini qo‘llab-quvvatlaymiz... Agar kuchsiz bo‘lsangiz, mamlakatimizni o‘zimizga qaytara olmaymiz, siz kuchingizni namoyish etishingiz va yanada kuchliroq bo‘lishingiz kerak», degan AQSh prezidenti.

O‘z nutqi yakunida prezident senat binosiga namoyishchilar bilan birga borishni va'da qilgan.

«Biz Pensilvaniya-avenyu bo‘ylab o‘tamiz!», degan Tramp.

Buning o‘rniga u qora rangdagi zirhli avtomashinasiga o‘tirib, o‘z qarorgohiga qaytib ketgan.

Bu mitingdan bir soat o‘tib Kapitoliy atrofiga qo‘yilgan politsiyachilar to‘sig‘i olomon tomonidan buzib o‘tildi va Trampning yuzlab tarafdorlari binoga bostirib kirishdi.

Kapitoliy qanday ishg‘ol etildi?
Namoyishchilarning ilk guruhi Kapitoliy tepaligidagi senat binosiga oddiy sayyohlar sifatida kirib olishgan. Palatalarning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan binoga o‘tish uchun alohida ruxsatnomani ko‘rsatish shart bo‘lmagan: oddiy metallodetektordan o‘tish kifoya edi, bunda politsiyachilarga o‘z tashrifidan maqsadni bildirish talab etilmasdi.