O‘zbekiston 2016 yildan keyingi davr ichida so‘z va matbuot erkinligi borasida sezilarli ijobiy natijalarga erishdi. Shunga qaramay, bu sohada hali qilinadigan ishlar juda ko‘p va erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolish yangi marralarni zabt etishga imkon bermaydi.

Kun.uz muxbiri bir necha yildan buyon AQShning «Amerika ovozi» media kompaniyasida faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbek jurnalisti Navbahor Imomova bilan so‘z erkinligi mavzusida suhbatlashdi.

Pandemiya davrida jurnalistika va so‘z erkinligi

— Dunyo jurnalistikasi, shu jumladan O‘zbekiston pandemiya davrida o‘ziga xos sinovga duch keldi. Ular cheklangan muhitda qanday ishlay olishlari borasida sinovdan o‘tdi. Hukumatlar pandemiya munosabati bilan siyosiy cheklovlar ham joriy etdi.

Aytishim mumkinki, bu davrda Markaziy Osiyoda OAVni eng ko‘p nazorat qilgan davlat Qirg‘iziston bo‘ldi. U yerda jurnalistlar ko‘plab tadbirlarni virtual tarzda kuzatishga majbur bo‘lishdi. Ammo O‘zbekistonda buning aksini ko‘rdik. Muayyan OAV tadbirlarni yoritdi. Bunga imkon berildi.

Barcha davlatlar, so‘z va matbuot erkinligi, nima degan narsani qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keldi. Chunki jurnalistlar ko‘proq odamlar ichida yurishi kerak. Ma'lum bir jarayon ichida bo‘lishi lozim. Pandemiya davrida jurnalist ham uyidan efirga chiqishiga to‘g‘ri keldi.

Bunday pallada narigi tomon, ya'ni hukumatning axborot olish imkoniyatingizni to‘sish bobida qudrati oshdi. Balki ko‘plab rasmiylar orzu qilgan imkon paydo bo‘ldi. Kimga nima ma'lumotni qancha miqdorda berishni bemalol belgilay oldi. Jurnalistlar esa, boriga shukr qilishi kerak bo‘ldi.

Bundan tashqari, pandemiya davrida hukumat qanday ishni amalga oshirmasin, ularning foydasiga bo‘ldi. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar ochildi. Vaholanki, oldinroq, boshqa muammoli mavzularda ham shu ishlarni qilsa bo‘lardi.

Boshqa tomondan, jurnalistlar ham hukumatga yanada ko‘proq tanqidiy ko‘z bilan qaray boshladi. AQShdan tortib, O‘zbekistongacha jurnalistlar hukumat pandemiya davrida ishni eplay olmayapti, degan pozitsiyada yondashdi. Jumladan, Amerikada may oyi o‘rtalarigacha koronavirus tahdidiga hukumat e'tibor bermadi. Biroq keyin shoshilinch tarzda keskin choralar ko‘ra boshladi.