– Nega soliq akademiyasi Fiskal institutga aylantirildi?

– Prezidentning 4879-sonli qaroriga asosan DSQ malaka oshirish markazi negizida Fiskal institut tashkil etildi. Soliq akademiyasi o‘zini oqlaganmi, degan savolga kelsak, sobiq Soliq akademiyasi bakalavriat ta'lim yo‘nalishida cheklangan kvotalar doirasida mutaxassis yetishtirgan. Har yilgi qabul 75 o‘rindan iborat bo‘lib, bitiruvchilar tadbirkorlik sub'yektlari u yoqda tursin, tizimning mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini 30 foizga ham qondira olmagan. Shuningdek, o‘qishdan keyingi tizim uchun ishlab berish majburiyati bitiruvchilarning erkin ish tanlash huquqini cheklardi. Fiskal institutda esa kvota degan tushuncha deyarli amal qilmaydi. Belgilangan ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish asosida qabul parametrlari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mustaqil belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Soliq akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonun va ko‘plab me'yoriy hujjatlar talablariga, inson huquqlariga zid bo‘lgan, abituriyentlar uchun ixtisoslikni tanlash ixtiyoriyligini inkor etgan. Sababi, abituriyent istalgan o‘rta yoki o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lib, Soliq akademiyasiga hujjat topshirib o‘qish imkoniyati yo‘q edi. Bu Soliq akdemiyasiga respublikada faoliyat yuritadigan 3ta: Buxoro soliq kolleji, Farg‘ona soliq kelleji, Toshkent soliq kollejlarini bitirganlargina hujjat topshirish imkoniyatiga ega edi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent Moliya institutida soliq va soliqqa tortish yo‘nalishlari bor edi, ammo o‘tgan uch yil davomida soliq sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan tayanch oliy ta'lim muassasasi mavjud emas edi. Yangi tashkil topgan institutning o‘z salafidan afzalligi shundaki, unga kirish barcha uchun ochiq, ya'ni o‘rta yoki o‘rta maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan har qanday shaxs (fuqaro emas, aynan shaxs) unda ta'lim olish imkoniga ega.

Bundan tashqari, mulkchilikning barcha shakllaridagi tashkilotlar, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlari Fiskal institut tomonidan tayyorlanadigan kadrlarga buyurtmani shakllantirishda ishtirok etishga, xususan kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun to‘lovni, ular tomonidan o‘qishni tugatganidan so‘ng, shartnomada belgilanadigan muddat davomida tashkilot-buyurtmachida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishga haqli.