Jamiyat | 16:19 / 28.01.2021
55097
6 daqiqa o‘qiladi

«Nikotinli snyus – yosh avlod uchun yangi narkotik» - Sog‘liqni saqlash vazirligi eksperti

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tamaki bilan kurash bo‘yicha bosh maslahatchisi Shuhrat Shukurov yoshlarni nikotinli snyusga o‘rganib qolishi to‘g‘risida ogohlantirdi.

— Sizningcha, yoshlar, xususan, maktab o‘quvchilari snyusdan foydalanishlari nimalar bilan bog‘liq?

— Bugungi kunda o‘spirinlar orasida «shaybacha» yoki nikotinli snyus deb ataladigan, yoqimli ta'mi va xushbo‘y hidi bo‘lgan va yoqimsiz hid tarqatmaydigan moddalar mavjud. Biroq, qisqa muddatli va tartibsiz ishlatilgandan so‘ng nikotinga qaramlik rivojlanadi. Vaqt o‘tishi bilan nikotinga nisbatan tolerantlik rivojlanib boradi va xuddi shu ta'sirni boshdan kechirish uchun ko‘proq narsa talab etiladi.

— Ushbu toifadagi yoshlarning xavfsizligini ta'minlash va snyuslar tarqalishining oldini olish bo‘yicha qandaydir chora-tadbirlar rejalashtirilganmi?

— Spirtli ichimliklar va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda «Alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanmasi va iste'mol qilinishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hozir u hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, xususan, unda nosvoy, tamaki va nikotinli snyusni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Aksariyat vazirliklar va idoralar, jamoat tashkilotlari, shuningdek, jamoatchilik ushbu yondashuvni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

— Bunday qat'iy taqiq o‘zini oqlaydimi?

— Nikotindan zaharlanish epidemiyasi O‘zbekistonda allaqachon boshlanib bo‘lgan, ammo u bugun taqiqlanmasa, ertaga kech bo‘ladi. Farzandlarimizning kelajagi himoyalangan bo‘lishi kerak. Nikotinli snyus — bu yosh avlod uchun yangi giyohvand modda. Stabilizatorlar, shirinlashtirgichlar, lazzatlar, konservantlar va boshqa qo‘shimchalar qo‘shilgan nikotin, sellyuloza aralashmasi asosida tayyorlanadi.

Yaqinda nikotinli snyuslar O‘zbekiston bozoriga kirib kelganini hisobga olib, aholi va yoshlar o‘rtasida yangi epidemiyaning oldini olish uchun nikotinli snyuslarni, shu jumladan, tutunsiz tamaki mahsulotlarining barcha turlarini olib kirish va sotishni qonuniy ravishda taqiqlash zarur. Bu eng samarali choradir.

Iste'molchilar, agar aynan o‘spirin yoshlar haqida alohida gapiradigan bo‘lsak, agar nikotin snyusida tamaki bo‘lmasa, ular zarar yetkazmaydi, deb noto‘g‘ri o‘ylashadi. Shuningdek, ushbu mahsulotlar chekishni tashlashga yordam berishi haqidagi ma'lumot ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu ishlab chiqaruvchilarning marketing strategiyasi natijasidir.

Qo‘shimchasiga, kuchli ta'mga ega bo‘lgan nikotinli snyus, ayniqsa yoshlar orasida tamaki chekishdan oldingi dastlabki qadam bo‘lishi mumkin.

Nikotinli snyusni qabul qilish natijasida yosh foydalanuvchilar xuddi chekish alomatlariga o‘xshash giyohvandlik va abstinensiya alomatlarini boshdan kechirmoqdalar, ularni tashlash esa qiyin.

Snyus og‘iz bo‘shlig‘ida so‘rilgani sababli, uning ishlatilishi, boshqa har qanday tamaki mahsulotlari singari, tish milki, suyak to‘qimalari, tish paylarining yemirilishiga, tishlarning bevaqt tushishiga va keyinchalik qandli diabet, og‘iz saratoni, til, tish milki, oshqozon va oshqozon osti bezi kasalliklari rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

— Nikotin aralashmasining qancha miqdordagi dozasi maktab o‘quvchilari uchun xavfli hisoblanadi?

— Maktab o‘quvchilari uchun hatto eng kichik dozasi ham xavfli bo‘lishi mumkin. Nikotinli snyus foydalanuvchilari ta'sirchan bitta dozada nikotin olishadi. Uning so‘rilish seansi 5 daqiqadan 1,5 soatgacha davom etadi. Bitta kuchli sigaretni chekish paytida nikotinning «qismi» 1,0 mg.dan oshmaydi va chekish jarayoni 3-5 daqiqadan ortiq bo‘lmaydi. Nikotinli snyusdan foydalanganda uning tarkibi bitta mahsulotda 20 mg nikotingacha boradi.

Bolalarda nikotin bilan zaharlanish ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, tupukning ko‘payishi, nafas olish qiyinlashuvi va tutqanoqlarga olib kelishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nikotinning kuchli giyohvandlik ta'siriga egaligini va psixologik va jismoniy qaramlikni keltirib chiqarishini isbotlab bergan. Ushbu xavf kokain, geroin, alkogol va kannabisga qaramlik rivojlanish xavfidan ham yuqori.

O‘smirlik miyaning rivojlanishidagi hal qiluvchi davr sanaladi, nikotin ta'sirida esa kuchli qaramlik, xotira susayishi, konsentratsiya yo‘qolishi, o‘qish qobiliyati va xatarli nevroz buzilishi kuzatiladi.

Agar qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, u holda veyplar va chilimlar tamaki mahsulotlariga tenglashtiriladi, sigaretlar savdo rastalaridan olib tashlanadi va 21 yoshdan katta odamlarga sotiladi, qutilarda chekishning zarari to‘g‘risida eslatmalar 65 foizgacha ko‘payadi. Bir qator jamoat joylarida chekish taqiqlanadi, umumiy ovqatlanish hududida, ish joyida, mehmonxonalarda va boshqa ba'zi joylarda chekishga faqat maxsus ajratilgan joyda, kirish joyidan 10 metr masofada ruxsat etiladi.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev uning oqibatlari haqida gapirib bergandi: «Yana bir hushyorlikka chorlaydigan masala qarshisida turibmiz. Bu muammoni yechishda zudlik bilan qonunchilikni takomillashtirish zarurligi ko‘rinmoqda. Aks holda kimlarningdir lobbizmi, deb ancha kech qolamiz va oqibati uchun yoshlar bilan javob beramiz».