19:16 / 03.02.2021
5487

Hokimlarga tabiiy ofat xavfi mavjud hududlardagi fuqarolarni xavfsiz joyga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan – Senat

Hukumat tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga toshqin, sel, qor ko‘chish va yer ko‘chkisi xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Bu haqda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma'lum qilingan.

Parlament yuqori palatasining o‘n ikkinchi yalpi majlisi oldidan o‘tkazilgan majlisda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy obektlar xavfsizligini ta'minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilingan.

Ta'kidlanishicha, hukumat tomonidan parlament so‘roviga taqdim etilgan javobda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzilib, parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalar atroflicha o‘rganib chiqilgani ma'lum qilingan. O‘rganish natijalari toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta'minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasi majlisida muhokama qilingan.

«Parlament so‘rovida ko‘tarilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlariga gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan», deyiladi Senat axborot xizmati tarqatgan xabarda.

Majlisda parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalarning yechimiga yetarli darajada e'tibor qaratilmagani ham ta'kidlangan. Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan. 

Top