Garchi Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyati hududida 6717 km² hududni egallagan bo‘lsa-da, Boyqo‘ng‘ir kosmodromi ham, unga yondosh Boyqo‘ng‘ir shaharchasi ham yillik 115 mln dollar to‘lash sharti bilan 2050 yilga qadar Rossiyaga ijaraga berilgan.

Rossiyaning to‘lovi faqat bundan iborat emas – kosmodrom faoliyatini moliyalashtirib turish, shaharcha infratuzilmasini saqlash va boshqa qator loyihalar uchun Rossiya hukumati yiliga 10 mlrd rubldan ortiq mablag‘ sarflaydi.

Xo‘sh, buncha pul sarflash Rossiyaga nima uchun kerak, aslida bu kosmik davlatning o‘z hududida ham qator kosmodromlari ham bor-ku?

Avvalo, buning tarixiy ahamiyati bor. Boyqo‘ng‘ir kosmodromi sobiq ittifoqning faxri hisoblangan. Rossiya esa ittifoqning vorisi sifatida kosmodromga ega bo‘lishni istaydi.

Soyuz-FG raketasi 2012 yil 22 iyul / Foto: Roskosmos

Kosmodrom qurilishida bir necha omillar hisobga olingan: geografik joylashuv – yon-atrofi sahro bo‘lgan Boyqo‘ng‘ir hududi radiolokatsion tizimlarning yaxshi ishlashi uchun qulay. O‘rmonlar, botqoqlar, yirik suv havzalari va tog‘ tizmalari kabi tabiiy to‘siqlardan xoli. Aholi juda siyrak, aynan kosmodrom hududi tinch aholidan ancha narida, favqulodda vaziyatlarda qurbonlar ehtimoli kam, shuningdek unumdor yerlardan voz kechish zarurati yo‘q.

Cho‘l hududida bo‘lsa-da, kosmodrom qurilguniga qadar ham temiryo‘l tizimiga ega ekani ta'minot uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Shuningdek, sovitish tizimi va shaharcha hayoti uchun zarur chuchuk suv manbasi bo‘lgan Sirdaryoning yaqinligi ham, yilning 300dan ortiq kuni quyoshli bo‘lishi ham muhim omil hisoblanadi.

Bundan tashqari, harbiy ahamiyat ham bor: Boyqo‘ng‘ir hududidan uchirilgan raketa 7000 km naridagi Kamchatkada joylashgan Kura bazasiga kelib tushishi mumkin.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi va shaharchasining qurilishini sobiq ittifoqdagi barcha xalqlarning kuchli irodasi va katta yutug‘i, deya baholash adolatdan bo‘ladi. Bu shunchalik yirik va murakkab reja ediki, bir necha yil davomida davlatning eng yirik loyihasi bo‘lib qoldi. Hatto, Boyqo‘ng‘ir loyihasini berkitish maqsadida Qozog‘iston hududidagi bepoyon bo‘z yerlarni o‘zlashtirish uchun «Qo‘riq» («Tselina») kampaniyasi o‘tkazilgan, degan taxminlar ham bor.

Loyiha ustidagi ishlar 1954 yilda boshlandi. 1955 yilda esa shartli ravishda «Tayga» nomini olgan harbiylashgan raketa qismlari qurilishi boshlandi.