Bugun dunyoning 17 ta davlatida 32 ta kosmodrom bor. Ulardan har yili 200 ga yaqin turli kosmik parvozlar amalga oshiriladi.

2022 yilda eng ko‘p parvoz Amerikaning Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan amalga oshirilgan – 39 ta. Keyingi o‘rinda Xitoydagi Tszyutsyuan kosmodromi, bu yerdan 25 ta parvoz amalga oshirilgan.

Dong‘i dunyoga ketgan, bir paytlar juda ko‘p kosmik kemalar uchirilgan Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 2022 yilda bor-yo‘g‘i 7 ta parvoz amalga oshirilgan. Quyida Boyqo‘ng‘ir kosmodromi tarixi haqida so‘z yuritamiz.

Kosmodrom qurilishidan avval

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng avvaliga atom bombasi sinovdan o‘tkaziladi. So‘ng turli masofalarga uchadigan raketalarning sinovlari o‘tkazila boshlanadi.

Turli sinovlar o‘tkazilar ekan, raketalarni uchirish uchun maxsus joy kerak bo‘lardi. SSSRda sinovlar avvaliga Astraxan viloyatida joylashgan Kapustin Yar harbiy poligonida o‘tkaziladi.

U paytda hali qit’alararo ucha oladigan ballistik raketalar yo‘q, faqat qisqa masofalarga uchadiganlari sinovdan o‘tkazilayotgandi.

Keyinroq qit’alararo ucha oladigan raketalar sinovdan o‘tkazila boshlangach Kapustin Yardagi sinov poligoni torlik qilib qoladi. Dastlabki raketalar sinovdan o‘tkazilgach ular asosida fazoga sun’iy yo‘ldosh uchirish rejalashtiriladi.

Kapustin Yar poligonidagi muze

Shundan so‘ng Moskvada yangi harbiy sinov poligoni qurish bo‘yicha loyihalar ko‘rib chiqiladi. Mamlakat hududidagi bir qancha joylar taklifi beriladi. Jumladan, Mari ASSRda, Dog‘istonda, Astraxan viloyatidagi Xarabali shaharchasi yaqinida va Qozog‘iston SSR Qizilorda viloyatidagi joylar ko‘rsatiladi.

Maxsus komissiya tomonidan barcha variantlar ko‘rib chiqilib, Qizilorda viloyatidagi joy tanlab olinadi. Bunda joyning mamlakat chegaralaridan uzoq joyda joylashgani muhim ahamiyatga ega edi.

1954 yilda Toshkent-Moskva temiryo‘li liniyasi yaqinida, Josali va To‘ratam qo‘rg‘onlari orasidagi cho‘lda Boyqo‘ng‘ir degan joyda yangi sinov poligoni va kosmodrom qurilishi boshlanadi.

Boyqo‘ng‘irdagi qurilishda ishlayotgan mutaxassislarning aksariyati Kapustin Yarda ishlayotgan harbiy muhandislar edi. Qurilish ishlari bir yil davom etadi va 1955 yil 12 yanvarda dunyodagi birinchi kosmodrom qurilishi bitadi.