Kun.uz 14 fevral – Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan boburshunoslar bilan suhbat tashkil etdi.

«Bobur – adolatli shoh edi, u davlat mulki va shaxsiy mulkni aralashtirib yubormagan»

Abdumajid Madraimov, tarix fanlari doktori, professor

— Javoharlal Neru Zahiriddin Muhammad Bobur to‘g‘risida gapirar ekan: «Bobur – dilbar shaxs», degan edi. Bu bejiz emas. Ibrohim alayhissalom Allohga iltijo qilib: «Meni to‘g‘riso‘z va odamlarga yoqimli qilgin», degan. Musulmonchilikda inson to‘g‘riso‘z va xushtabiat bo‘lishi kerak. Shu jihatdan olganda Neru gapi to‘g‘ri bo‘ladi.

Abdumajid Madraimov

Barcha bilan muomala qila olish – aksar davlat arboblariga xos xususiyatlardan. Chunki davlat arboblarini gapirganda ularning rabti, zabti va tuzuki degan xususiyatlariga qaraladi. Zabti – biror yerni egallash, rabti – muomala qilish, tuzuk esa boshqarish.

Bobur odamlar bilan muomala qilishda juda e'tiborli bo‘lgan va farzandlariga ham shunday nasihatlar qilgan. Masalan, Komronga yozgan nasihat xatida ham: «Davlatni boshqarmoqchimisan, odamlarni doim yoningga chaqirib tur, ular bilan yaxshi muomalada bo‘l», deydi.

U insonparvar yetakchi sifatida ham nom qoldirgan. Xurosondan qaytayotganda, qishning izg‘irin sovug‘ida qoladi. Safdoshlari tog‘ yonbag‘ridagi g‘orga kirib dam olishni taklif qilishganda ham: «Hamma sovuqda qolib men pana bo‘lsam, bu insofdanmas», deya rad qiladi.

Bobur va uning otasi Umarshayx uchun adolat yuqori o‘rinda turgan. Xususan, davlat mulki va shaxsiy mulkni aralashtirib yubormagan. «Boburnoma»da otasining shunday bir adolatini aytib o‘tadi. Bir karvonni qor bosib, odamlari o‘lganda, ikki yilcha o‘sha mulkni saqlab egalariga bergan, deydi.

Zahiriddin Boburning jismoniy tomondan baquvvatligiga to‘xtalsak, Samarqand himoyasida ikki odamni ikki qo‘ltig‘ida ko‘tarib bemalol yurgan. Kobulda fitna uyushtirilib jang bo‘lganda, bir o‘zi besh odamni yenggan, jismoniy jihatdan ham baquvvat bo‘lgan. Otasi haqida ham «Boburnoma»da: «Otam har qanday yigitni bir musht zarbi bilan otdan ag‘darardi», deydi.