Iqtisodiyot | 14:10 / 18.02.2021
37119
11 daqiqa o‘qiladi

Global muammolar davrida «jon saqlab qolish». O‘zbekiston uchun tahdidlar va yechimlar

Olimlarning ta'kidlashicha, hozir biz yangi geologik davrga - antropotsenga kirib bormoqdamiz. Bu davrda insonlar sayyoramiz kelajagini shakllantiruvchi ustun kuch bo‘lib, insoniyat faolligi shu darajaga yetganki, sayyoraviy darajadagi biogeofizik o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

© AP Photo/Ross D. Franklin

Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi (BMTTD) Inson taraqqiyoti to‘g‘risidagi hisobotning navbatdagi 2020 yilgi nashrini taqdim qildi. Hisobot mavzusi «Keyingi marra: Inson taraqqiyoti va antropotsen» deb nomlanadi.

Kun.uz Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori Yuliy Yusupovning ushbu hisobot xulosalarining O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanishi borasidagi fikr-mulohazalarini qisqartmalar bilan taqdim qiladi.

«Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, Covid-19 kasalligi butun dunyo e'tiborini o‘ziga tortgan bir paytda, ilgari mavjud bo‘lgan sayyoraviy inqirozlar ham davom etib kelmoqda. 2020 yil sodir bo‘lgan Atlantika havzasidagi dovullar mavsumi ham bo‘ronlar soni, ham tez avj olganlari soni bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatdi yoki shunga yaqin bo‘ldi. So‘nggi 12 oy mobaynida misli ko‘rilmagan yong‘inlar Avstraliya, Braziliya, Rossiya va AQShning ulkan hududlarini kuydirib yubordi. O‘rmonlarni keng ko‘lamda kesish va atmosfera havosiga issiqxona gazlarini tashlash davom etib kelmoqda»

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishi mintaqamizdagi asosiy daryolarga suv yetkazib beruvchi tog‘dagi muzliklarning erishiga olib kelmoqda. So‘nggi 50-60 yilda muzliklarning maydonlari taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilgan taqdirda muzliklar o‘z hajmining 50 foizini yo‘qotishi mumkin, harorat 4 darajaga ko‘tarilgan taqdirda esa – bu hajm 78 foizgacha yetadi. Natijada mavjud suv resurslari hajmi ham qisqarmoqda. Masalan, O‘zbekiston tomonidan foydalaniladigan suvning yillik hajmi so‘nggi yillarda o‘rtacha yillik 51-53 kub metrni tashkil qiladi, bu esa o‘tgan asrning 80-yillariga qiyoslaganda 20 foizga kamdir. Shu bilan birga, mamlakat aholisi ushbu muddat ichida 1,5-2 baravar o‘sgan.

Yusupov O‘zbekistondagi ko‘pgina muammolar ham tabiiy, ham ijtimoiy ildizlarga egaligi va ularning sabablari mamlakatning boshqa davlatlar bilan bog‘liqligida ekanini aytadi va bunga uchta misol keltiradi.

Birinchisi - o‘sib borayotgan suv tanqisligi muammosi. Vaziyatni ikki holat og‘irlashtiradi. Birinchidan, O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlardan keladigan suv ta'minotiga bog‘liqligi yuqori darajada (iste'mol qilinadigan suvning 80 foizi tashqaridan keladi). Shuning uchun ham suv tanqisligi muammosini ushbu davlatlar bilan kelishmasdan hal etib bo‘lmaydi. Ikkinchidan, O‘zbekistonda ichimlik suvi juda samarasiz sarf qilinadi, ayniqsa, mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizini iste'mol qiluvchi qishloq xo‘jaligida. Suv iste'molchilarga yetkazish vaqtida (o‘ta eskirgan va chirigan infratuzilma sababli sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar 35-40 foizni tashkil qiladi) va iste'mol jarayonida ham (sug‘oriladigan yerlarning faqat 3 foizida suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilgan) yo‘qotiladi.

Ikkinchisi - O‘zbekiston eksportida xomashyo mahsulotlarining ustunligi (gaz, oltin, to‘qimachilik xomashyosi va h.k.) iqtisodiyotimizning rivojlanish vektorini beqaror qiladi (chunki ushbu mahsulotlarning jahon bozoridagi narxi keskin o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin) va mamlakat ichida xomashyoni yuqori darajada qayta ishlovchi sohalarning rivojlanishini cheklab qo‘yadi. O‘zbekistonning xomashyoga bog‘liqligi sabablari quyidagilardan iborat: qayta ishlov bermasdan foyda bilan eksport qilish imkoniyatini beruvchi tabiiy resurslarning katta zaxiralari, shuningdek, mahalliy raqobatbardosh qayta ishlovchi korxonalarni tashkil qilish va rivojlantirishni zaif rag‘batlantiruvchi yomon biznes muhiti mavjudligi.

Uchinchisi - so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatib kelingan tuproq degradatsiyasi (sho‘rlanish, unumdorlikning pasayishi), bir tomondan - tuz va boshqa zararli moddalar atmosferaga tashlanishiga va keyinchalik yondosh hududlarga cho‘kishiga olib keluvchi Orol dengizidagi fojianing oqibatlari natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, boshqa tomondan – bunga bir qator ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ta'siri sabab bo‘lgan.

Yangi davrda omon qolish uchun yo‘l ko‘rsatkichlar

Ko‘pgina olimlarning fikricha, bizning sayyoramiz zamonaviy inson sivilizatsiyasi paydo bo‘lgan va 12 000 yil davom etgan golotsen davridan chiqmoqda. Ularning ta'kidlashicha, hozir biz yangi geologik davrga — antropotsenga kirib kelmoqdamiz, unda insonlar sayyoramiz kelajagini shakllantiruvchi ustun kuch bo‘lib, insoniyat faolligi shu darajaga yetganki, sayyoraviy darajadagi biogeofizik o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu o‘zgarishlar iqlim va Yerning jismoniy ko‘rinishining o‘zgarishini, biologik turlarning katta qismi yo‘qolishini, ko‘pgina tabiiy resurslarning (foydali qazilmalar, ichimlik suvi, o‘rmonlar va h.k.) tugashini o‘z ichiga oladi.

Biz global muammolarga tegishli ravishda javob bera olishimiz hamda dunyoda barqarorlik, uyg‘unlik va farovonlikni ta'minlashimiz uchun o‘z fikrlash tarzimizni va dunyoni boshqarish uchun qo‘llaydigan mexanizmlarni o‘zgartirishimiz zarur. Yangi davr qat'iy ravishda axloqning yangi tamoyillarini va inson jamiyatlarini tashkillashtirishning yangi qoidalarini talab qiladi.

Hisobotda keskin o‘zgarishlar talab etiladigan beshta asosiy yo‘nalish taklif etilgan:

1. Paydo bo‘layotgan muammolarni hal etish uchun yangi yo‘llarni aniqlash.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, har qanday, hatto katta istiqbolga ega yechimlar ham tegishli baholash va hisob-kitoblarsiz kutilmagan xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biz o‘z yondashuvlarimizni alohida tarqoq muammolarni hal etishdan insoniyat qarshisida turgan muammolar majmuasining ko‘p qirraligi, murakkabligi va o‘zaro bog‘liqligini anglashga qaratishimiz lozim.

2. Yangi qadriyatlarni shakllantirish.

Qadriyatlarning o‘zgartirilishi ko‘pgina adolatsiz, nohaq (zamonaviy axloq nuqtayi nazaridan) va samarasiz (ilmiy nuqtayi nazardan) ijtimoiy odatlarga barham berishga imkon berdi. Shuningdek, odamlarni shakllangan qoliplarni qayta ko‘rib chiqish, dunyoga yangi nuqtayi nazardan qarash hamda boshqa manfaat va nuqtayi nazarlarni hisobga olishga undaydigan ilmiy asoslangan tadqiqotlar, nashrlar va jamoatchilik bilan maslahatlashuvlar ta'sirida amalga oshmoqda.

3. Yangi rag‘bat omillarni yaratish.

Agar odamlar hisobot mualliflari tomonidan taklif etilayotgan yangi yondashuvlarni nafaqat ma'qullashlarini, balki ularni amalga oshirish yo‘nalishida ham harakat qilishlarini istasak, u holda rag‘bat omillari zarur.

  • Masalan, resurslarning (suv, elektr energiyasi kabilar) narxini oshirish odamlarni ulardan yanada tejamliroq foydalanishga targ‘ib etadi, soliq va ma'muriy yuklamaning pasaytirilishi norasmiy iqtisodiyotning qonuniylashtirilishiga olib keladi yoki zararli odatlar (spirtli ichimliklar, tamaki chekish) bilan kurashda ushbu mahsulotga narxlarni ko‘tarish yordam beradi.

Bular ijobiy va salbiy rag‘bat omillari qanday qilib insonlar xatti-harakatlarini o‘zgartirishlariga misoldir.

Inqirozlar ham rag‘bat omillari sifatida xizmat qilishi mumkin. Masalan, Covid-19 pandemiyasi deyarli barcha mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimidagi anchadan buyon yetilib kelayotgan ba'zi muammolarni keskinlashtirdi. Natijada pandemiya hukumatlarni sohadagi zaruriy islohotlarni o‘tkazishga undadi.

4. Yangi imkoniyatlarni taqdim etish.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun qadriyatlar va rag‘bat omillarining o‘zigina yetarli bo‘lmaydi, insonlarga imkoniyat ham kerak. Misol uchun, suv va energiyani tejovchi texnologiyalar, muqobil energiya manbalari. Karbon yonilg‘ida harakatlanuvchi avtoulovlarning shaharlarda ko‘payib ketishiga muqobil tarzda jamoatchilik transportini rivojlantirish, velosiped infratuzilmasi, elektromobillarni ko‘paytirish mumkin.

U yoki bu muammolarni yechish bo‘yicha boshqalar tomonidan to‘plangan tajriba ham ko‘pincha yangi imkoniyatlar yaratadi. Amaliyot ko‘rsatishicha, axloqning yangi andozalariga va yangi texnologiyalarga o‘tish, odatda, shu kabi o‘zgarish qo‘shni davlatlarda amalga oshirilgan bo‘lsa, muvaffaqiyatliroq kechadi. Boshqalardan namuna olib, o‘zgalarning yutuqlari va xatolarini hisobga olgan holda, ilhomlanib o‘zgarish, yakka-yolg‘iz va bo‘shliqda harakat qilgandan ko‘ra doimo qulayroq va osonroqdir. Sotsiologlar buni innovatsiyalarni tarqatish deb nomlaydilar.

5. Hukumatlar va fuqarolik jamiyatining qo‘shma harakatlari

Hisobotda katta e'tibor hukumatlarning va fuqarolik jamiyatining umumjahon va milliy muammolarni yechishdagi o‘rniga qaratilgan.

Shubhasiz, faqat hukumatlargina umumiy muammolarni yechish bo‘yicha jamoaviy harakatlarni tashkillashtirish uchun rasmiy vakolat va hokimiyatga ega. Ammo hukumatlar o‘z majburiyatlarini tegishli ravishda amalga oshirishlari uchun shaffoflik, mas'uliyat va hisobdorlikni ta'minlovchi amaliy mexanizmlar zarur. Shuningdek, «pastdan» tashabbuslar ham muhim: nodavlat tashkilotlar, tashabbus guruhlari, aholining keng qatlamlari tomonidan.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda hukumat va jamoatchilikning birgalikdagi sa'y-harakatlari yordamida hal etish lozim bo‘lgan muammolar quyidagilar:

• Kambag‘allikka qarshi kurash nafaqat aholi daromadlarini oshirish uchun sharoitlarni yaratish, balki sifatli sog‘liqni saqlash va ta'lim xizmatlaridan foydalanish uchun imkoniyat yaratish, mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashni qamrab olishi lozim;

• Qishloq xo‘jaligi sohasining va qishloq hududlaridagi aholining ulkan, hozirgi kunda oxirigacha amalga oshirilmagan salohiyatini yuzaga chiqarishga imkon beradigan hamda mulk egaligi (jumladan yerni ijaraga olish) huquqlarini kengaytirish va mustahkamlash, bozor munosabatlarini joriy etish va investitsiyalarni jalb qilish orqali tuproq unumdorligining pasayishini to‘xtatishga yordam beradigan qishloq xo‘jaligidagi islohot;

• Suvdan oqilona foydalanish va eskirgan infratuzilmani yangilash uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan Suv xo‘jaligi sektoridagi islohot;

• Hanuz davlat korxonalari ustun bo‘lgan sohalarda raqobatchilik munosabatlarini rag‘batlantirish maqsadida davlat mulkining salmoqli qismini keng ko‘lamli va shaffof xususiylashtirishni amalga oshirish;

• Xususiy mulk huquqlarini himoya qilish va mustahkamlash, jumladan, sud-huquq islohoti – chunki busiz bozor iqtisodiyotining normal ishlashi va rivojlanishi, samarali, shu jumladan, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish haqida qayg‘uradigan mulkdorlar sinfini shakllantirishning imkoni yo‘q;

• Biznes-muhitni takomillashtirish va raqobatchilik muhitini rivojlantirish, shu jumladan sun'iy monopoliyalarga barham berish, bu raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni rivojlantirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga keng ko‘lamli investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoitlar yaratib beradi.

Mavzuga oid