Jahon | 12:23 / 18.07.2021
21577
6 daqiqa o‘qiladi

G‘arbiy Yevropada suv toshqinlari: 170 qurbon, yuzlab kishilar bedarak yo‘qolgan, qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirmoqda

Yevropa g‘arbida ro‘y bergan suv toshqinlari qurbonlari soni 170 nafarga yetdi, minglab mahalliy aholi vakillari o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan. Mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan, qutqaruvchilar tabiiy ofatdan omon qolganlarni topishga harakat qilmoqda.

Tabiiy ofatning asosiy zarbasi Germaniyaning g‘arbiy hududlariga to‘g‘ri keldi - Reynland-Pfals va Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerlariga. Birinchisida, mahalliy rasmiylarning ma'lumotlariga ko‘ra, 90ga yaqin kishi halok bo‘lgan, ikkinchisida - 43 kishi.

DPA axborot agentligi qutqaruv xizmatlaridagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Yuqori Bavariyada suv toshqinlari munosabati bilan favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Kuchli yomg‘irlar tufayli kelib chiqqan suv toshqinlari Belgiya, Niderlandiya, Fransiya, Avstriya va Shveytsariya hududlariga ham ta'sir qilgan. Belgiyada kamida 20 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Toshqin tufayli Germaniyadagi Bad-Shandau va Chexiyadagi Dechin shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgan. Temir yo‘l sohasidagi Deutsche Bahn konserni Drezden - Praga yo‘nalishi ham vaqtincha yopilganini ma'lum qilgan.

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs tvitterdagi sahifasida tabiiy ofat mamlakatdagi ko‘plab tumanlarga zarar yetkazganini ma'lum qilib, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatilishiga va'da bergan.

Germaniyaning Niderlandiyaning Limburg provinsiyasi bilan chegaradosh hududda joylashgan Vassenberg shahri yaqinida suv to‘g‘onni buzib o‘tgan. Qutqaruvchilar shaharda 700dan ortiq kishini evakuatsiya qilgan. Shanba kuni Vassenberg rasmiylari suv oqimi to‘xtaganini ma'lum qilishgan. «Suv darajasi barqarorlashdi, aytish mumkinki, vaziyat barqaror. Aytishlaricha, barchasi joyiga tushdi deyishga hali erta, ammo biz ehtiyotkorona optimizm kayfiyatidamiz», deya Vassenberg meri Marsel Mauerning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Germaniya g‘arbida suv toshqinidan jabr ko‘rgan boshqa tumanlarda qutqaruv operatsiyalari o‘tkazilmoqda. Qutqaruvchilar suv darajasi yuqori bo‘lgan va bu uylar vayron bo‘lishiga olib kelgan shaharlarda omon qolganlarni qidirishmoqda.

Tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeridagi Erfshtadt shahrida qutqaruvchilar qayiqlar yordamida binolardan birida qolib ketgan 50dan ortiq kishini chiqarib olishgan.

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer jabrlangan hududlarga tashrifi oldidan tabiiy ofat ko‘lami juda jiddiy ekanini ma'lum qildi. «Shaharlar butunlay vayronaga aylangan. Ko‘plab odamlar butun umri davomida qurgan barcha narsadan ayrilgan», degan u matbuot anjumanida.

Bad-Noyyenar-Arvayler shahridagi vayron bo‘lgan ko‘prik / EPA

«Biz tomda 13 soat o‘tirdik. Bizda ovqat ham, issiq kiyimlar ham yo‘q edi - faqat bir necha butilkada suv va koka-kola bor edi, biz vahima vaqtida faqat shularni o‘zimiz bilan olishga ulgurgandik. Biz o‘lib qolgudek qo‘rqib ketgandik. Agar uy qulab tushsa, biz omon qolmasdik», deya hikoya qiladi Die Zeit nashriga Shimoliy Reyn-Vestfaliya va Reynland-Pfals chegarasida joylashgan Altenar shahrida yashovchilardan biri.

Niderlandiyadagi Valkenburg shahri. Maas daryosi qirg‘oqdan toshib chiqqan

Reynland-Pfals federal yeri hukumati juma kuni ushbu hududda bedarak yo‘qolganlar soni 1 300 nafarni tashkil etayotganini, ammo bundaylar soni «har soatda kamayib borayotgani»ni ma'lum qilgan.

Nemis shaharlaridan biri aholisi vakili ro‘y berayotgan hodisalarni «harbiy harakatlar zonasi» sifatida tasvirlagan: ko‘plab binolar qulagan, mashinalarni esa suv oqimi olib ketgan.

Reynland-Pfals yeri ichki ishlar vaziri Rojyer Levens mahalliy nashrlardan biriga bergan intervyusida qurbonlar soni ortib borishini aytib o‘tgan. «Biz ko‘p vaqtdan buyon ko‘p odamlar bilan aloqa o‘rnata olmayapmiz, shunday ekan eng yomoniga tayyor turish kerak», degan u.

Bad-Noyyenar-Arvayler shahridagi vayron bo‘lgan ko‘chalardan biri / Getty Images

Shanba kuni Erfshtadt shahrida bir necha uylar va tarixiy qal'aning bir qismi qulagan, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer va Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeri bosh vaziri Armin Lashet shu yerga kelishi kutilmoqda.

Lashet Xristian-demokratik ittifoqi partiyasini boshqaradi va shu yil sentyabrida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda GFR kanslerligi uchun nemis konservatorlari bloki nomzodi hisoblanadi. Reuters agentligining qayd etishicha, halokatli suv toshqinlari umummilliy ovoz berish jarayoni arafasida iqlim o‘zgarishi muammosi bo‘yicha debatlarni ko‘paytiradi.

Yevropa yetakchilari va olimlar Yevropa g‘arbida halokatli suv toshqinlari keltirib chiqargan kuchli yomg‘irlar sababi iqlim o‘zgarishlari bo‘lganini aytishmoqda.

«Biz yana va yana shu kabi hodisalarga to‘qnash kelaveramiz, buning oldini  olish uchun esa iqlim muhofazasi bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni tezlashtirishimiz kerak... chunki iqlim o‘zgarishi oqibatlari bir davlat bilan chegaralanib qolmaydi», degan Lashet.

Qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirishda davom etmoqda / Getty Images

G‘arbiy Germaniyada minglab odamlar suv toshqinlari sabab uylarini tark etgan, 100 mingdan ortiq kishi elektr ta'minotisiz qolgan.

Ko‘plar nafaqat boshpanasini, balki biznesini ham yo‘qotgan. «Biz juda tez suv ostida qoldik. Suv sathi ikki metrdan oshadi. Ko‘rib turganingizdek, suv mehmonxonamiz peshlavhasiga (viveska) yetgan. Butun xo‘jaligimiz vayron bo‘ldi», deydi Gyumenddagi mehmonxona xo‘jayini Euronews bilan suhbatda.

Deutsche Welle nashrining yozishicha, Germaniyada hozirgi suv toshqinlari Ikkinchi jahon urushi davridan buyon mamlakatda kuzatilgan eng halokatli tabiat hodisasi hisoblanmoqda.

Mavzuga oid

E`lonlar