«Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida»gi qonun imzolandi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 16 fevral kuni “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Ushbu qonun O‘zbekiston va boshqa davlat o‘rtasida amalda bo‘lgan kelishuvlarga rioya etgan holda xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo‘llaniladi.
Ushbu qonun bilan quyidagi tushunchalarga ham ta'rif berildi:
- arbitr – taraflar tomonidan nizoni arbitrajda hal qilish uchun kelishilgan tartibda tayinlangan jismoniy shaxs;
- arbitraj – doimiy arbitraj muassasasi yoki muayyan nizoni hal etish uchun tashkil etiladigan arbitraj sudi tomonidan amalga oshirilishidan qat'i nazar, nizoni hal etish tartib-taomili;
- arbitraj muassasasi – xalqaro tijorat arbitrajini boshqaradigan tashkilot;
- arbitraj sudi – yakka tartibdagi arbitr yoki arbitrlar hay'ati.
Taraflar o‘z xohishiga ko‘ra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv bo‘lmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi.
Xalqaro tijorat arbitrajiga taraflarning kelishuviga binoan tijorat xususiyatiga ega bo‘lgan ham shartnomaviy, ham shartnomadan tashqari barcha munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar berilishi mumkin.
Arbitraj sudi tomonidan belgilangan ta'minlash chorasi majburiy kuchga ega deb tan olinadi.
Arbitraj ish yuzasidan yozma hal qiluv qarori chiqaradi.
Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat'i nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda ijro etiladi. Bunda arbitraj hal qiluv qarorining tegishli tartibda tasdiqlangan asl nusxasi yoki ko‘chirmasini ijroga taqdim etish lozim bo‘ladi.
Ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o‘tgach (2021 yil 18 avgustdan) kuchga kiradi.