Jamiyat | 18:10 / 23.02.2021
6246
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ukrainalik olimlar tomonidan murakkab yurak operatsiyalari amalga oshirilmoqda

Foto: SamDTI

22 fevral kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida kardioxirurgiyada innovatsion yondashuvlar bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Xalqaro konferensiyada Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi «Yurak instituti» direktori, Ukrainada xizmat ko‘rsatgan shifokor, P.L.Shupika nomidagi diplomdan so‘nggi ta'lim milliy tibbiyot akademiyasi kardioxirurgiya, rentgenendovaskulyar va ekstrakorporal texnologiyalar kafedrasi mudiri, Ukrainada yurak ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) bo‘yicha birinchi operatsiya muallifi, tibbiyot fanlari doktori, professor Boris Mixaylovich Todurov, Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari, institut klinikalari hamda Samarqand viloyati kardiologiya dispanseri shifokorlari ishtirok etdi.

Konferensiyani SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev ochib berdi. Rektor bugungi kunda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi, soha uchun kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, innovatsion tibbiyotni rivojlantirishda yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilishning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Anjuman davomida professor B.Todurov tomonidan Bental operatsiyasi, mitral va aortal klapanlarni protezlash, o‘pka arteriyasini tromboemboliyasi, mini yo‘l orqali Mammar shuntlash (MIDCAP), fibrilyar yurakda mitral klapanni protezlash kabi dolzarb mavzularda ma'ruza va mahorat darslari o‘tkazildi.

Shu kunlarda Samarqandga tashrif buyurgan ukrainalik delegatsiya vakillari tomonidan Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida bir qator qiyin va innovatsion operatsiyalar ham amalga oshirilmoqda.

E'tirof etmoq kerak, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda malakali tibbiyot xodimlarini tarbiyalash, tibbiyot oliygohlarida kadrlar tayyorlash sifatini ko‘tarish va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni jahon andozalariga mos bo‘lishida alohida ahamiyat kasb etadi.

SamDTI matbuot xizmati

Mavzuga oid