Jahon | 10:23 / 28.02.2021
14044
4 daqiqa o‘qiladi

Manba: Bayden Isroil yadro dasturi maxfiyligini saqlash majburiyatini yuklovchi xatni imzolamagan

Foto: The Associated Press

AQSh prezident Jo Bayden o‘zidan oldingi prezidentlar sobit qolgan bir an'anani buzgani aytilmoqda. Oq uyga yaqin manbalarning ma'lum qilishicha, Bayden AQSh prezidentiga Isroil yadro dasturi maxfiyligini saqlash majburiyatini yuklovchi xatga imzo chekmagan.

New Yorker jurnalisti Adam Entus 2018 yilda yozilgan maqolasida aytishicha, Bill Klintondan keyingi barcha AQSh prezidentlari Isroil yadro dasturiga aloqador maxfiy xatni imzolab keladi. Unga ko‘ra, AQSh Isroilni atrofidagi dushmanlari bilan muammosi tugamaganga qadar yadro dasturidan voz kechishga majburlamaydi. Shuningdek, AQSh prezidenti Isroil yadro dasturi borligini oshkor qilmaslikka, jurnalistning ta'biri bilan aytganda, «qasamyod qiladi».

AQSh prezidentlari Isroil yadro dasturi haqida gapirmasligi mavzusi tez-tez ko‘tariladi. Demokrat prezidentlarning oldingi vakili Barak Obamadan bu haqda hatto matbuot anjumanida ham so‘rashgan.

1970 yilda AQSh prezidenti Richard Nikson hamda Isroil bosh vaziri Golda Meir uchrashadi. O‘shanda Isroil yetakchisi mamlakat yadro qurolini sinovdan o‘tkazmaslikka, o‘z navbatida, Nikson AQSh Isroildan yadro dasturini to‘xtatishni so‘ramaslikni va'da bergani aytiladi. Ularning uchrashuvi tafsilotlari haqida hech qanday hujjat yo‘qligi bu borada gumonlarni oshirgan.

Richard Nikson va Golda Meir / ARNOLD SACHS/AFP VIA GETTY IMAGES

Yuqorida aytilgan xatda AQSh Isroilni siyosiy tahdidlar vaqtida himoya qilishi haqida yozilgan bo‘ladi. Aytishlaricha, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Senatdagi chiqishida Isroil xavfsizligini «muqaddas» deb atagani amerikaliklarga yoqmagan. Mahalliy nashrlarda bu borada Vashingtonning qarashlari o‘zgarishi kerakligi haqida yozishadi.

Bayden kech qoldimi?

AQSh prezidentlari odatda inauguratsiya marosimidan keyin tezda Isroil yetakchilariga qo‘ng‘iroq qiladi. Biroq Bayden bu borada ancha kuttirdi. 20 yanvar kuni inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan Bayden 17 fevralga kelibgina Benyamin Netayahuga qo‘ng‘iroq qildi. Taqqoslash uchun, Barak Obama prezidentligining birinchi kunida, Tramp esa ikki kun o‘tib Isroil bosh vaziriga telefon qilgan. Baydenning «kech qolgani» esa Isroilga bo‘lgan munosabatlar o‘zgarganidan deb izohlandi.

Bir soat davom etgan suhbatda Bayden Isroilning arab davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilayotganini olqishlagan. Shuningdek, suhbatda Eron haqida ham gap borgan. Ba'zi nashrlarning yozishicha, Bayden bilan suhbatda Netanyahu Tramp davrida Xalqaro jinoiy sudga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni saqlab qolishni so‘ragan. Chunki Bayden bu boradagi sanksiyalarni qaytadan ko‘rib chiqishi ma'lum bo‘lgandi.

Isroil yetakchisi bu iltimosni qilgani haqiqatga yaqin. Gap shundaki, Xalqaro jinoiy sud 2015 yil Falastindagi jinoyatlarni o‘rganish bo‘yicha ish boshlagan. 2018 yilda Falastin tashkilotga yana ariza bilan murojaat qilgan va mamlakatda 2014 yil 13 iyundan boshlab amalga oshirilgan jinoyatlarni tekshirishni so‘ragan. Uzoq davom etgan tekshiruvlardan keyin Xalqaro jinoiy sud prokurori Fatu Bensuda Isroilning Falastindagi harakatlari bo‘yicha chuqur tekshiruv o‘tkazishga yetarli asos borligini ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, Donald Tramp prezidentligi davrida Isroil foydasiga qarorlar chiqarayotgani haqida ko‘p marta gapirildi. Masalan, aynan uning tashabbusi bilan AQShning Isroildagi elchixonasi musulmonlar uchun muqaddas shahar hisoblangan Quddusga ko‘chirildi (Bayden administratsiyasi ham AQSh elchixonasi Quddusda qolishini ma'lum qildi). Tramp prezidentlik muddatining oxirgi kunida BAAga katta miqdorda qurol-yaroq sotish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu savdo arab davlati Isroil bilan munosabatlarini yaxshilagani uchun «suyunchi» sifatida amalga oshirilgani aytiladi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid