Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojxonada «Situatsion markaz» tashkil etildi. U qanday vazifani bajaradi?
Markaz katta hajmdagi axborotlarni tahlil qilish, geoaxborot ko‘rinishida tasvirlash, xavf va tahdidlarni – transchegaraviy jinoyatlarni aniqlash vazifasini bajaradi. Loyihaga 500 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.
Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi tarkibida maxsus tarkibiy tuzilma sifatida «Situatsion markaz» tashkil etildi.

Markaz direktori Ravshan Ro‘ziyevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, markaz MDH, Uzoq va Yaqin Sharq davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi tizimlari bilan kontrabandaga qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlik qilib, bojxona qonunbuzarligi sohasida faoliyat yuritadi.
«Bundan tashqari, markaz imkoniyatlaridan kelib chiqib, markazlashtirilgan tartibda ma'lumotlarni yig‘ish, ularni jamlash, tahlil qilish va ular asosida mavjud xavf va tahdidlarni aniqlash, minimallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish va takliflar kiritish kabi ishlarni amalga oshiradi.

«Situatsion markaz» masofaviy uzoq hududlarda joylashgan postlardagi vaziyatni kuzatib borish, zarur bo‘lgan hollarda tegishli ish jarayonlarini tashkil qilish vazifacini bajaradi. Bundan tashqari, unda chegara bojxona postlarida joriy qilingan ikki yo‘lakli (yashil, qizil) tizim orqali harakatlanayotgan fuqarolar, tovarlar va transport vositalarini oldindan taqdim qilingan ma'lumotlar asosida nazorat qilish va filtrlash imkoniyati mavjud», – deydi markaz direktori.
Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, «Situatsion markaz»ni ishga tushirishga 500 ming dollardan ortiq grant mablag‘lari sarflangan. Zarur texnikalar Birlashgan millatlar tashkiloti giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan yetkazib berilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, «Situatsion markaz»da tahlil va istiqbolni belgilash yo‘nalishida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ofitserlar faoliyat yuritadi.

Markaz direktorining ta'kidlashicha, axborotlarni tahlil qilish dasturida sun'iy intellekt elementlari bo‘lib, u transchegaraviy jinoyatlarga, ayniqsa, narkotiklarning kontrabandasiga samarali to‘siq bo‘ladi, axborot-tahlil tizimi yangi bosqichga chiqadi.
«Situatsion markaz»ning asosiy maqsadi holat ro‘y bermasdan oldini olishdir. Agar tizim butkul mukammal ishlaydigan bo‘lsa, kontrabandaga qarshi jinoyatchilik ko‘rsatkichi katta foizlarda pastlaydi. Biroq oldindan aniq prognoz qilish imkoniyati yo‘q. Dasturda sun'iy intellekt elementlari bor, bunda huquqni himoya qilish sohasida raqamlashtirish imkoniyatidan foydalanib holatlarning oldini olish ko‘zlangan. Bundan tashqari, sodir bo‘lgan holatlar bo‘lsa ham uni qidirib topish imkoniyati mavjud. Hozirda dastur ishga tushib bir necha milliardlik noqonuniy tovar aylanmalari aniqlandi», – dedi u.

Avvalroq avtomobilda xalqaro yuk tashishlarda elektron plombalarni qo‘llagan holda transport vositalarini kuzatib borish tizimini joriy etish to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga muhokama uchun qo‘yilgandi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, bojxona nazorati ostidagi tovar va transport vositalarini elektron plombalar yordamida masofadan kuzatib borish tizimi ishga tushishi nazarda tutilgandi.
Elektron plombalar – avtotransport vositasining harakati to‘g‘risida ma'lumotlarni saqlash va tizimga uzatish, shuningdek, uning yuk bo‘linmasiga kirish imkonini cheklovchi va xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan avtotransportlarni onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi identifikatsiyalash vositasi hisoblanadi.
Xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan avtomobillar yukxonalariga elektron plombalar bojxona organlari xodimlari tomonidan o‘rnatiladi va transport vositasi manzil bojxona postiga yetib kelgach, plomba yechib olinadi. Plombalar faollashtirilgach, transport vositalarining harakatini Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasining «Situatsion markaz»i hamda DBQning hududiy boshqarmalari masofaviy nazorat qilishi mumkin bo‘ladi.
Madina Ochilova tayyorladi.
Mavzuga oid
10:00 / 01.07.2026
Andijonda do‘ppisi ichiga 35 ming dollar yashirgan yo‘lovchi ushlandi
21:34 / 13.06.2026
Andijonda oltinlarni turli nayranglar orqali olib kirishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi
09:50 / 12.06.2026
Ichki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
21:11 / 30.05.2026