O‘zbekiston | 22:42 / 21.03.2021
13468
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident mehmon bo‘lgan chirchiqlik bemor xonadoniga sog‘liqni saqlash vaziri va viloyat hokimi yetib bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatiga safari chog‘ida Chirchiq shahridagi ikki mahallada bo‘lgan edi. Tashrif davomida davlat rahbari ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonga kirgandi.

Ma'lum qilinishicha, xonadon egasi Anifiya Bektoshovaning Vladislav ismli o‘g‘li uch yil oldin basseynga noqulay sakrab, umurtqasi va oyog‘idan jiddiy jarohatlangan.

Vladislav prezident bilan suhbatda sog‘ayish uchun vaqt talab qilinishi, buning uchun o‘zi ham harakat qilishi kerakligini aytgan, shu bilan birga tiklanishi uchun yordam so‘ragan. Xususan, davolanishiga ko‘maklashuvchi murabbiy topgani, lekin uning Toshkentdan kelib, oyiga 12 soat shug‘ullanishi 100 dollar ekanini aytgan.

O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyev bemorga sog‘lik tilab, unga bevosita Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari kelib yordam ko‘rsatishini tayinlagan.

Prezident topshirig‘iga asosan, 20 mart kuni sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev, viloyat hokimi Davron Hidoyatov hamda travmatolog va neyroxirurg mutaxassislar xonadonga kelib, bemorning ahvolini o‘rgandi.

Ma'lum bo‘lishicha, oila 2019 yilda xususiy reabilitatsiya shifokori (mashq-terapiya bo‘yicha murabbiy) yollagan. Pandemiya paytida mashg‘ulotlar onlayn olib borilgan. Mashg‘ulotlardan so‘ng bemorning ahvolida ijobiy o‘zgarish kuzatilgan.

Mashg‘ulotlarning bir sikli kunora o‘tkaziladigan 12 ta mashg‘ulotni o‘z ichiga olib, buning narxi 100 dollarni tashkil qilgan. Bemor otasining vafoti va oilaning moddiy ahvoli sabab davolanishni davom ettirishga qiynalmoqda.

SSV vakillari bemor bevosita Neyroxirurgiya markazi va o‘z yashash joyidagi travmatologning doimiy kuzatuvida bo‘lishini aytishdi. Uy sharoitida reabilitatsiya mashg‘ulotlarini davom ettirish, ko‘p qavatli uyning kirish qismiga pandus qurish tavsiya qilindi.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, Vladislavning sog‘ayishi uchun operativ choralarga zarurat yo‘q, asosiysi vaqt talab qilinadi.

Mavzuga oid