O‘zbekiston | 11:37 / 25.03.2021
3655
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda harbiy-tarixiy jamiyat tashkil etiladi

Prezidentning “Harbiy tarixni o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston harbiy tarixini o‘rganish ishlarini jadallashtirish, milliy davlatchilik vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlarni tarixiy dalillar asosida mustahkamlash va ommaga yetkazish, aholining barcha qatlami, ayniqsa yoshlar qalbida milliy ruh, vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk sarkardalarning boy jang san'atidan keng foydalanish, bu borada ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy, o‘quv-uslubiy, ma'rifiy adabiyotlarni tayyorlash hamda aholining mamlakat tarixi haqidagi bilimlarini yanada oshirish maqsad qilingan.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Fanlar akademiyasining:

  • “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyatini tashkil etish;
  • “Ajdodlar izidan” ilmiy-ommabop jurnalini ta'sis etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • maxsus tuzilgan qidiruv guruhlari va ekspeditsiyalarining sa'y-harakatlari bilan qadim o‘tmishda, o‘rta asrlarda, yaqin tarixda O‘zbekiston hududida, shuningdek, uning chegaralaridan tashqarida bo‘lib o‘tgan harbiy-tarixiy ahamiyatga ega tarixiy hujjatlar va voqealar tavsifini to‘plash ishlarini tashkillashtirish va amalga oshirish;
  • ushbu hududda yashagan, bosqinchilarga nisbatan ozodlik va mustaqillik uchun kurashib qahramonlik ko‘rsatgan harbiy sarkardalar, boshliqlar, qabila va millat rahbarlari faoliyatini o‘rganish;
  • muzey, kutubxona va arxivlarda, shu jumladan, xorijiy davlatlardagi mazkur muassasalarda ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini olib borish;
  • taniqli olimlar, tarixchilar, arxeologlar, mutaxassislarni jalb qilgan holda yig‘ilgan ma'lumotlarni tizimlashtirish, harbiy yurishlar, milliy ozodlik kurashlari, ularning boshliqlari qo‘llanilgan strategiya va usullarni matnli hamda grafik tavsiflari aks ettirilgan tarzda O‘zbekiston tarixida yuz bergan harbiy-tarixiy voqealar xaritasini tuzish;
  • O‘zbekistonda yuz bergan harbiy-tarixiy voqealar xaritasi asosida davlat, jamoatchilik, ko‘ngillilarni jalb qilgan holda, hududlarda harbiy-tarixiy madaniy meros obektlari tizimini barpo etish, sayyohlarning mavzuga oid yo‘nalishlarini, kelgusida xorijiy mehmonlar va aholi, ayniqsa maktab o‘quvchilari va talabalar uchun ekskursiyalarni tashkillashtirish maqsadida tegishli sahna ko‘rinishlari aks ettirilgan yodgorlik majmualari, yodgorliklar, muzey majmualarini qurish.

Tashqi ishlar vazirligi:

  • jamiyat murojaatiga asosan harbiy tarix bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini tashkillashtirishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ilmiy hamkorlik o‘rnatish va rivojlantirishda amaliy yordam ko‘rsatadi;
  • Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan o‘zbekistonlik askarlarning xorijiy davlatlar hududidagi qabrlari va ularning holati haqida ma'lumotlarni shakllantiradi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bog‘ida joylashgan “Vatan mudofaasi tarixi” muzeyi ekspozitsiyasini “Amir Temur va To‘xtamishxon jangi” panoramasi tarzida qurish ishlarini yakunlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish