O‘zbekiston | 12:14 / 26.03.2021
2253
5 daqiqa o‘qiladi

Budjet jarayoni ochiqligini ta'minlash maqsadida rasmiy saytlarda ma'lumotlarni joylashtirish tartibi ochiqlandi

Foto: Shutterstock

Moliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining “Budjet jarayonining ochiqligini ta'minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda ma'lumotlarni joylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Budjet jarayoni ochiqligini ta'minlash maqsadida rasmiy veb-saytlarda joylashtiriladigan ma'lumotlar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • ma'lumotlarni qonuniy talablardan kelib chiqqan holda ochiq, bepul formatlarda e'lon qilish hamda ulardan erkin foydalanishni ta'minlash;
  • jismoniy shaxslar shaxsiy ma'lumotlaridan foydalana olishni ta'minlamaslik;
  • davlat siri yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma'lumotlar, shuningdek, maxfiy axborotni oshkor qilmaslik;
  • noto‘g‘ri ma'lumotlarni o‘z ichiga olmaslik.

Ochiq ma'lumotlarni yetkazib beruvchilar har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyi 25-sanasiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlariga:

a) budjetdan ajratilgan mablag‘lar chegaralangan miqdorining o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida taqsimoti to‘g‘risida ma'lumotni;

b) qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi shakllardagi davriy moliyaviy hisobotlarni:

  • balans;
  • xarajatlar smetasi ijrosi haqidagi hisobot;
  • budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari bo‘yicha pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobot;
  • davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mavjud debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma'lumot;
  • davlat maqsadli jamg‘armalarining hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi daromadlari hamda xarajatlari ijrosi haqidagi ma'lumotlar;
  • budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilari bo‘yicha tarmoq, shtatlar va kontingentga doir reja bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni;
  • v) kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni;
  • g) o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, asosiy vositalar xarid qilish uchun o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, kam baholi va tez eskiruvchi buyumlar xarid qilish uchun o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni va qurilish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) to‘g‘risidagi ma'lumotlarni muvofiq shakllarda joylashtiradi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda tegishli birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar O‘zbekiston davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari ijro etilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oy 25-sanasidan kechiktirmay joylashtirib boradi.

Bunda ma'lumotlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan va birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan muvofiq shaklda o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi hamda Davlat bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlariga taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorakda chorakdan keyingi oy 25-sanasidan, yillik hisobotlarni yil yakunlari bo‘yicha keyingi yil 1 aprelidan kechiktirmay joylashtirib boradi.

Davlat moliyaviy nazorati organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, har chorak yakunlariga ko‘ra esa nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma'lumotlarni chorakdan keyingi oy 25-sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytlariga muvofiq shaklda joylashtirib boradi.

Davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar belgilangan ma'lumotlar bilan birga, davlat maqsadli jamg‘armalardan ajratilgan subsidiyalar, kreditlar, taqdim etilgan kafilliklar va kafolatlar hamda tijorat banklariga joylashtirilgan depozitlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni muvofiq shakl bo‘yicha har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyi 25-sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtirib boradi.

Mavzuga oid