O‘zbekiston | 16:09 / 27.03.2021
5125
2 daqiqa o‘qiladi

Pillachilik va tutchilik tashkilotlarining xarajatlari qoplab beriladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun sarflangan xarajatlar bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, prezidentning 17.01.2020 yildagi «Pillachilik tarmog‘ida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4567-son qaroriga muvofiq, yangi intensiv tutzorlar barpo etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan:

  • pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlari bir qismini qoplash uchun tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgan holda, yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 mln so‘mgacha;
  • maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqni, shuningdek daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, sug‘orish quduqlarini qazish hamda nasos stansiyalarini qurish uchun sarflanadigan xarajatlar bir qismini qoplash uchun 2021 yilda respublika budjeti qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan va 2022 yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida subsidiyalar ajratilishi nazarda tutiladi.

Pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun sarflangan xarajatlar bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha manzilli dasturni shakllantirish tartibi;
  • suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va suv chiqarish uchun nasos stansiyalarini qurish bo‘yicha xarajatlar bir qismini qoplash tartibi.

Bunda har bir gektar tutzor maydoniga subsidiya miqdori subsidiyalarning bazaviy hisoblash miqdoriga yerlar bonitet ballaridan kelib chiqadigan koeffitsiyentni ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid