Navoiyda tadbirkorlikning yangi turi – sochma konlardan oltin qazib olinmoqda
Navoiy viloyati deganda ko‘z oldimizga katta-katta zavodlar-u bepoyon Qizilqum cho‘lidan oldin oltin keladi. Chunki, dunyodagi eng ko‘p oltin qazib olinadigan kon ham, noqonuniy ravishda qo‘lbola usulda tilla kavlaydigan, qo‘lidagi toshni silab ko‘rgan holda tarkibida oltin bor-yo‘qligini ayta oluvchi «tillachilar» ham shu viloyatda.

Darhaqiqat, Navoiyga kelsangiz «tillachilar» haqida ko‘p eshitasiz. Bu faoliyat ortidan xuddi xazina topib olgan kabi boyib ketgan insonlar xususida turli mish-mishlar, ruda (tillachilar tilida «jila») kavlayman deb tosh tagida qolib, umri xazon bo‘lgan yigitlar to‘g‘risida achchiq haqiqatlar bor. Ammo bugungi kunga kelib, tavakkalchilik asosida oltin izlash viloyatda tadbirkorlikning yangi ko‘rinishi sifatida rivojlanmoqda.
Prezidentning 2018 yil 26 noyabrdagi «Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroridan keyin respublikaning ayrim viloyatlarida, xususan, Navoiyda ham Vazirlar Mahkamasining belgilangan Nizomi asosida yer qa'ri uchastkalari auksionda sotuvga chiqarildi.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozirgacha onlayn-auksion orqali Navoiy viloyatida 141ta yer qa'ri uchastkasi — sochma konlar sotilib, tadbirkorlar litsenziya asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tavakkalchilik asosida sochma konlardan qimmatbaho metall qanday qilib qazib olinadi? Ko‘pchilikka qiziq bo‘lgan ushbu savolga javob olish maqsadida oltin izlovchi tadbirkor Ozodxo‘ja Eshonxo‘jayev faoliyati bilan tanishdik.
Navoiy shahrining shovqinli hayotidan uzilib, Navbahor tumani kengliklariga chiqib, Sarmishsoy sari yo‘l oldik. O‘zining qoyalardagi suratlari bilan mashhur bo‘lgan Sarmishsoy aslida foydali qazilmalarga ham boy.
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzuridagi kon geologiya faoliyatini nazorat qilish Samarqand-Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi bosh mutaxassisi O‘rol Faxriddinovning ta'kidlashicha, tog‘larga tutash Sarmishsoy bir paytlari to‘lib oqqan. Natijada soy suvi o‘zi bilan birga tog‘ jinslari, jumladan, tabiiy oltin bo‘laklarini (samorodoklar) oqizib kelgan.
Oltin izlovchi tadbirkorni belkurak bilan yer kavlayotgan odamdek tasavvur qilgandik. Ammo manzilga yetib borgach, butunlay boshqa manzaraga ko‘zimiz tushdi. Ikki tomoni qir-adirlikdan iborat bo‘lgan soy ichida ekskavator va yuklagichlar, yuk mashinalari ishlamoqda.
Tadbirkor Ozodxo‘ja Eshonxo‘jayev 2019 yilda auksion orqali 1 gektar maydondagi yer qa'ri uchastkasini yutib olgan va 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. 20 kishini ish bilan ta'minlagan tadbirkor oltin izlab topish bir necha bosqichli jarayon ekanini aytib o‘tdi. Avvaliga soy toshi texnikalar orqali kavlab olinib, maxsus uskuna yordamida yuviladi. Ya'ni «elakdan o‘tkaziladi».
«Hozirgi kunda 2ta texnikamiz ishlayapti. «Jila»miz ochilsa, vaqtincha qo‘shimcha texnikalarni olib kelamiz. Ular yukni tashib bo‘lgach, yana qaytib ketadi. Qazib olingan qimmatbaho metallarni «Navoiy kon metallurgiya kombinati»da tashkil qilingan maxsus qabul kassaga va litsenziya asosida faoliyat yurituvchi zargarlarga topshiramiz», — deydi tadbirkor.
Ozodxo‘ja Eshonxo‘jayevdan bir oyda qancha miqdorda oltin qazib olishi va uni zargar hamda maxsus qabul kassalariga necha so‘mdan sotishi haqida so‘radik. Ammo tadbirkor bu ma'lumotlar sir saqlanishi, bu raqamlarni oshkor qila olmasligini bildirdi.
Ishchi Sherali Hojiyevning ta'kidlashicha, maxsus uskuna kondan qazib olingan toshning yiriklarini alohida ajratadi. Suv orqali yuvilganda, tarkibida oltin bor qismi oqib ketmasdan, cho‘kib qoladi.
Navbatdagi jarayon ham bevosita suv bilan bog‘liq ekan. Qiya shakldagi uskunaning tepa qismidan shlang yordamida suv oqizib qo‘yilgan. Birinchi bosqichdan o‘tgan xomashyo suv bilan birga oqiziladi. Natijada, tuproq qismi oqib ketib, og‘ir rangli metallar maxsus tag qismda to‘planib qoladi. Eng so‘nggi bosqich tarnov deb ataluvchi kichik uskunada amalga oshiriladi. Bu yerda mayda toshlar orasidan oltin ajratib olinadi.
Mutaxassis O‘rol Faxriddinovning aytishicha, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan uchastka hududlari shakllantirilib, auksion orqali savdoga qo‘yilgach, bugungi kungacha Navoiy viloyatida 141ta, Samarqand viloyatida 50 ta yer qa'ri uchastkasiga litsenziya rasmiylashtirib berilgan.
«Hozirda Sarmishsoyda 20 nafar tadbirkor shunday faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Bu yerda oddiy usulda, ya'ni sochma oltin konlaridan foydali qazilmani qazib olish va yuvish orqali uning tarkibidagi oltin ajratib olinadi.
Afsuski, viloyat hududida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari ham kuzatilmoqda. 2020 yil va joriy yilning bugungi kunigacha bo‘lgan muddatda Navoiy viloyati hamda qo‘shni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olayotgan 109 nafar shaxs aniqlanib, ularga ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llangan. Noqonuniy faoliyat yuritayotganlar xavfsizlik qoidalariga amal qilishmaydi. Buning oqibatida tosh bosib, halok bo‘lish yoki og‘ir tan jarohati olish holatlari uchrayapti», — deydi O‘rol Faxriddinov.
Muxtasar qilib aytganda, tavakkalchilik asosida oltin izlash ko‘pchilik o‘ylagani kabi oson ish emasligiga amin bo‘ldik. Ammo ushbu faoliyat hududdagi ishsiz fuqarolar bandligini ta'minlashda katta imkoniyat bo‘lishi ham mumkin.
Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.
Jahongir Aliboyev, montaj ustasi.
Tavsiya etamiz
🔴 LIVE: OTMga kirish imtihonlari qanday o‘tadi? – Kun.uz'da qabulga oid eng muhim savollar yuzasidan jonli efir
O‘zbekiston | 10:25 / 24.06.2025
Urushga qo‘shilgan AQSh, «butun Ukraina bizniki» degan Putin – hafta dayjesti
Jahon | 18:52 / 22.06.2025
Yoz jaziramasi davom etadi: 10 kunlik ob-havo prognozi
O‘zbekiston | 17:56 / 20.06.2025
“Badavlat ayol” loyihasida kim badavlat bo‘lyapti?
Jamiyat | 21:46 / 19.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Otasi tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan 4 yoshli qiz Rossiyadagi onasiga qaytarildi
Jamiyat | 23:51 / 25.06.2025
-
Ispaniya sohillaridan qo‘l-oyoqlari bog‘langan besh kishining jasadi topildi
Jahon | 23:30 / 25.06.2025
-
Bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi, O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida kelishuv imzoladi, fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 22:58 / 25.06.2025
-
Tramp Ukrainadagi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini ma’lum qildi
Jahon | 22:45 / 25.06.2025
Mavzuga oid

16:59 / 23.06.2025
“Yasalgan” jinoyat: Navoiyda ikki qiz IIB “rezultati” uchun qamoqqa tiqildi

22:18 / 14.05.2025
“170 dona 200 so‘mlik” - Navoiyda pensiyaning bir qismi tangada to‘lanayotgani aytilyapti

13:30 / 07.05.2025
O‘zbekistonda ilk bor yomg‘irni sun’iy yog‘dirish texnologiyasi sinab ko‘rilmoqda

18:28 / 01.05.2025