Jahon | 23:36 / 13.04.2021
2614
2 daqiqa o‘qiladi

Johnson & Johnson Yevropada o‘z vaksinasi bilan emlashni boshlamay turishga qaror qildi

Foto: Shannon Stapleton / Reuters

AQShning Johnson & Johnson kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinasini Yevropada qo‘llanishini boshlamay turishga qaror qildi. Kompaniya AQSh mutassadi idoralari vaksina bilan emlanganlarda tromboz holatlari qayd qilingani sababli uning qo‘llanishini to‘xtatishni tavsiya qilgandan keyin bunday qaror qabul qildi.

 “Mahsulotlarimizdan foydalanuvchi odamlarning xavfsizligi va salomatligi biz uchun ustuvor masala hisoblanadi. Shu sababli vaksinamizning Yevropada tatbiq qilinishini boshlamay turishga qaror qildik”, deyilgan kompaniya xabarida. Bir necha kun avval Yevropaning dori vositalari agentligi (EMA) Yevropada ushbu vaksina bilan emlashni boshlashdan oldin u bilan emlanganlarda asoratlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma'lumotni tekshirishni boshlagandi.

 Avvalroq AQSh oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi (FDA) tromboz paydo bo‘lishi holatlari sababli Johnson & Johnson kompaniyasining vaksinasi bilan emlashni to‘xtatib turishni tavsiya qilgandi.

Boshqarma ma'lumotlariga ko‘ra, AQShda ushbu vaksina bilan 6,8 mlndan ko‘proq kishi emlangan. Emlanganlardan 6 nafarida trombozning “kam uchrovchi va og‘ir shakli” qayd qilingan. Ularda bunday asorat emlanganlaridan 2 hafta o‘tib paydo bo‘lgan.

Ayni vaqtda Yevropada bir nechta, jumladan AstraZeneca, BioNTech / Pfizer, Moderna va Johnson & Johnson vaksinalarini qo‘llashga ruxsat berilgan.

Johnson & Johnson vaksinasi aksariyat vaksinalardan farqli, emlanuvchilarga bitta doza kiritilishini talab qiladi. Shu sababli vaksina bilan ko‘proq odam emlanishi mumkin. Bundan tashqari, uni tashish uchun o‘ta past haroratlar talab etilmaydi.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid