So‘nggi vaqtlarda davlat qarzi iqtisodchilar va turli soha vakillari tomonidan keng muhokama qilina boshlagan mavzulardan biriga aylandi.

Ayrimlarda qarz davlat kelajagi uchun katta risk ekani to‘g‘risida fikrlar yangrasa, Moliya vazirligi vakillari bu normal holatligini, qarzlarni to‘lashga imkoniyat yetarli ekanini ta'kidlab kelmoqda.

O‘z navbatida, davlat tashqi kreditining qay sohalarga sarflanayotgani ham mavzuning ajralmas qismlaridan. Xususan, energetikaga yo‘naltirilgan qarz mablag‘larining salmog‘i nisbatan yuqori.

Moliya vazirligi keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining (21,1 mlrd dollar) 3,1 mlrd dollari (14,6 foiz) elektr energetikasiga, 2,6 mlrd dollari (12,4 foiz) energetika sohasiga yo‘naltirilgan.

Bu qadar yirik mablag‘lar, qolaversa, qarzning katta qismi nega aynan energetikaga sarflanayotgani, mazkur xarajatlar o‘zini qay darajada oqlayotgani va pullar nimalarga xarjlanayotgani mavzuga asos bo‘lmoqda.

To‘g‘ri, bugungi zamonda energetikasiz inson ham, iqtisodiyot ham og‘ir ahvolga tushadi. Uni rivojlantirish, avvalo, aholi ehtiyoji, ishlab chiqarish va boshqa o‘nlab tarmoqlar uchun zarur.

Ammo hozirda mablag‘ sarfining ko‘proq qismi budjet kamomadiga yo‘naltirilgani durust degan qarashlar ham bor.

O‘tgan 30 yil davomida, xususan, 2020 yilda ham mamlakatimizdan energetika taqchilligi arimagani bor gap.

Aholining mas'ul tashkilotlarga, OAVga murojaatlarining aksariyat qismi elektr energiyasi, gaz ta'minoti yetishmasligi borasida bo‘lib kelgan. Ya'ni bu doimiy va tizimli muammolardan.

Yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev O‘zbekistonda kuzatilayotgan keng miqyosli energiya inqiroziga munosabat bildirib, Energetika vazirligini tanqid qilgandi.

«Energetika vazirligi 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmagani haqida dardini aytadi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,7 mlrd dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Misol uchun, umumiy qiymati 1,2 mlrd dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta'minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IES o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta'minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadi-ku»,