Jahon | 11:31 / 26.04.2021
27880
7 daqiqa o‘qiladi

«Oskar»-2021 g‘oliblari: «Ko‘chmanchilar o‘lkasi» triumfatorga aylandi

Los-Anjyelesda Amerika kinoakademiyasining «Oskar» mukofotining 93-taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Nomadland» («Ko‘chmanchilar o‘lkasi»/«Zemlya kochevnikov») filmi eng yaxshi film sifatida «Oskar» oldi, uning rejissyori Xloya Chjaoga eng yaxshi rejissyorlik yo‘nalishida oltin statuetka topshirildi. U AQShda etnik kamchilikka mansub bo‘la turib rejissyorlik ishi uchun «Oskar» olgan ilk ayol bo‘ldi, shuningdek, tarixda «Oskar» olgan ikkinchi ayol rejissyorga aylandi. 2009 yilda «The Hurt Locker» («Bo‘ronlar egasi»/«Povelitel buri») filmi uchun eng yaxshi rejissyor sifatida taqdirlangan Ketrin Bigelou bu borada birinchi bo‘lgandi.

«Ko‘chmanchilar o‘lkasi» moliyaviy inqiroz davrida Amerika bo‘ylab safarga chiqishga va furgonda yashashga qaror qilgan beva ayol tarixini hikoya qiladi. Bosh qahramon ijrochisi Frensis Makdormand ham eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida «Oskar»ni qo‘lga kiritdi va «Ko‘chmanchilar o‘lkasi» kinoakademiyaning asosiy mukofotlarini o‘ziniki qilib, «Oskar»-2021 triumfatoriga aylandi.

«Ko‘chmanchilar o‘lkasi» filmi yaratuvchilari Piter Spirs, Frensis Makdormand, Xloya Chjao, Molli Esher va Den Janvi
Chris Pizzello / Reuters / Scanpix / LETA

Shuningdek, eng yaxshi aktyor nominatsiyasi bo‘yicha «Oskar» «The Father» («Ota») filmida bosh rolni o‘ynagan (demensiyadan aziyat chekuvchi qahramon) 83 yoshli Entoni Hopkinsga berildi. Ser Entoni Hopkins bu yo‘nalishda mukofotni qo‘lga kiritgan eng keksa aktyorga aylandi. Kinotanqidchilar bu nominatsiya bo‘yicha «Oskar» o‘tgan yil yozida saratondan vafot etgan Chedvik Bouzmanga «Ma Rainey's Black Bottom» («Ma Reyni: Blyuzning onasi») filmidagi roli uchun berilishini kutishgandi.

Hopkins marosimga kela olmadi, mukofotni uning nomidan Hoakin Feniks qabul qilib oldi.

«Oskar»-2021:
Eng yaxshi rejissyor: Xloya Chjao - «Nomadland» («Ko‘chmanchilar o‘lkasi»/«Zemlya kochevnikov»)

Eng yaxshi film: «Nomadland» - («Ko‘chmanchilar o‘lkasi»/«Zemlya kochevnikov»)

Eng yaxshi aktrisa: Frensis Makdormand - «Nomadland» («Ko‘chmanchilar o‘lkasi»/«Zemlya kochevnikov»)

Eng yaxshi aktyor: Entoni Hopkins - «The Father» («Ota»/«Otets»)

Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor: Deniel Kaluya - «Judas and the Black Messiah» («Iuda va qora Masih»/«Iuda i chernyy messiya»)

Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa:  Yun Yo Chjon - «Minari» («Minari»)

Xorij tilidagi eng yaxshi film: «Druk» («Yana bittadan»/«Yeshche po odnoy») daniyalik rejissyor Tomas Vinterbergga

Eng yaxshi original ssenariy: Emerald Fennel - «Promising Young Woman» («Umidli qiz»/«Devushka, podayushchaya nadejdy»)

Eng yaxshi qisqa metrajli film: «Two Distant Strangers» («Ikki notanish musofir»/«Dva dalekix neznakomsa»)

Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film: «If Anything Happens I Love You» («Nima bo‘lganda ham seni sevaman»/«Yesli chto-to sluchitsya, ya lyublyu vas»)

Eng yaxshi adaptatsiya qilingan ssenariy: «The Father» («Ota»/«Otets») fransuz yozuvchisi va dramaturg Florian Zellerga

Eng yaxshi animatsion film: «Soul» («Qalb»/«Dusha»)

Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film: «Colette» («Kolett»)

Eng yaxshi hujjatli film: «My Octopus Teacher» («Mening sakkizoyoq o‘qituvchim»/«Moy uchitel-osminog»)

Eng yaxshi postanovkachi rassom ishi: «Mank» («Mank») amerikalik rejissyor Devid Fincherga

Eng yaxshi vizual effektlar: «Tenet» («Dalil»/«Dovod»)

«Oskar» mukofotlarini topshirish marosimi odatda 28 fevral kuni o‘tkazilardi, bu yil koronavirus pandemiyasi tufayli 25 aprelga ko‘chirilgandi. Bu pandemiya boshlanganidan buyon virtual rejimda emas, boshlovchilar va mehmonlar ishtirokida o‘tkazilgan ilk marosim bo‘ldi.

Dunyoning eng nufuzli taqdirlash marosimi bu safar odatdagi kabi Dolby kinoteatrida emas, Los-Anjyeles temir yo‘l vokzali - Union Station’da o‘tkazildi.

Barcha nomzodlar ham Amerikaga shaxsan kela olishmadi, ular uchun Yevropada bir necha maydonlar tashkil etildi - Parij va Londonda. Ijtimoiy masofa saqlanishi oson bo‘lishi uchun mehmonlar o‘tiradigan joylar bir necha qismga bo‘lindi.

Tashkilotchilar marosim barcha ishtirokchilar uchun xavfsiz bo‘lishini ta'minlashga harakat qilishdi - mehmonlar ro‘yxati cheklandi, kelganlarning barchasi niqoblarda o‘tirishdi - niqobni faqat nomzod nutq so‘zlayotganida yechishga ruxsat berildi.

73 yoshli  Yun Yo Chjon ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida («Minari») «Oskar» olgan ilk koreyalik bo‘ldi. U sahnaga chiqqanidan keyin internet yulduziga aylandi. Aktrisa mukofotni Bred Pittdan qabul qilib oldi, u o‘z nutqini shunday boshladi: «Mister Bred Pitt, siz bilan tanishganimdan xursandman. Nihoyat!»

Bu marosim kovid davrida mukofotlar onlayn emas, jonli ravishda topshirilgan ilk marosim bo‘ldi. Ko‘plab muxlislar undan avvalgi yillardagi kabi yorqin emotsiyalar kutishgandi, ammo ularning ishonchi to‘liq oqlanmadi - tomoshabinlar ham,  jurnalistlar ham bu shou tarixdagi eng zerikarlilaridan biri bo‘lganini aytishmoqda.