Zilzila magnitudasi ko‘p ham yuqori emasdi (Rixter shkalasi bo‘yicha M=5,2). Lekin zilzila o‘chog‘i u qadar chuqurlikda bo‘lmagani sababli (3–8 km) yer sirtida 8-9 balli qimirlashlarni keltirib chiqargan va shahar markaziga jiddiy talafot yetkazgan. Bor-yo‘g‘i 10-12 soniya davom etgan zilziladan maksimal talafot maydoni 10 kvadrat kilometrni tashkil etgan.

Toshkent zilzilasining nisbatan kam qurbonlar soni (8 kishi o‘lgan va bir necha yuz kishi jarohatlangan) vertikal silkinishlar yuz bergani bilan tushuntirilgan. Ya'ni agar gorizontal silkinishlar ro‘y berganida paxsa va guvalakdan qurilgan uylarning barchasi to‘kilib bitardi. Odamlar orasida sovet totalitarizmi davrida qurbonlarning haqiqiy soni yashirilgani haqidagi gumonlar ham yuradi.






Zilzila natijasida Toshkentning markaziy qismi butunlay vayron bo‘ladi. 2 mln kvadrat metrdan ortiq yashash maydoni, 236ta ma'muriy bino, 700dan ortiq savdo va umumiy ovqatlanish obektlari, 26ta kommunal korxona, 181ta o‘quv muassasasi, 185ta tibbiyot va 245ta sanoat binolari vayron bo‘ladi.































