1966 yil 26 aprel tonggi 5:23da Toshkent shahrida episentrdagi yer yuzasida seysmik ta’sir 8 balldan ortiq dahshatli zilzila ro‘y beradi. 10-12 soniya davom etgan zilzila talafot maydoni 10 kilometrga yetgan. Bu shaharni to‘liq yo‘q qilib yubormagan. Uylar yorilgan, o‘nlab jamoat binolari qulab tushgan.

Rasmiy ma’lumotlarda, zilzilada 8 kishi halok bo‘lgani va 200 ming kishi jarohat olgani aytiladi. 300 mingdan ortiq aholi boshpanasiz qoladi.

S.Mavlonov nomli seysmologiya instituti xodimi, akademik Qahhorboy Abdullabekov 1966 yil 26 aprel tongini shunday xotirlaydi.

«O‘sha paytda juda qattiq uyquda edik. To‘satdan zilzila bo‘ldi. Intensivligi juda qattiq edi. Juda qattiq silkitib tashladi, yotgan joydan turib ketishning iloji yo‘q edi. Zilzila o‘chog‘i bevosita shahar ostida edi. Shuning uchun ko‘tarib tashlashlar tikka, vertikal bo‘ldi. Shuning uchun ko‘p imoratlar qulamagan», – deydi akademik O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida.

Abdullabekov zilzila bo‘lgan kuniyoq Moskvadan Brejnev, Kosigin kabi ittifoqning birinchi rahbarlari Toshkentga kelgani va zudlik bilan hukumat komissiyasi tashkil qilinganini aytadi. «Hamma narsa izdan chiqqandi, suv, elektr. Shularning barini joyiga qo‘yish kerak edi», – deydi u.

Mayor Hakim Po‘latov, qidiruv-qutqaruv ishlari davomida

Zilziladan talafot ko‘rgan odamlarni ro‘yxatga olish va ularga yordam berishga qatnashganlardan biri seymograf Turdiali Ortiqov edi. 

«Shahar markazini, Labzak atrofida bo‘lgan holatlarning hammasini, buzilgan uylarni, odamlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Shaharning ochiq joylariga palatkalar olib kelib, odamlarni o‘sha uy-joylarga ko‘chirishgan. Labzak atrofi, Turkiston kinoteatri atrofidagi uylar, hovlilar, bog‘larning deyarli hammasi ishdan chiqqandi», – deydi professor Ortiqov.