O‘zbekiston | 09:45 / 01.05.2021
7008
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot institutida navbatdagi xalqaro anjuman: zamonaviy lazer texnologiyalari nazariyadan amaliyotga

Samarqand davlat tibbiyot institutida “Tibbiyot va biologiyada lazerlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Zamonaviy lazer texnologiyalarini tibbiyotning turli sohalarida qo‘llash, fundamental fanlar innovatsion yutuqlarini amaliy sog‘liqni saqlash tizimiga joriy qilish, soha uchun mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish hamda milliy oliygohlarning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda Rossiya, Italiya, Isroil, Qozog‘iston, Polsha va O‘zbekistonning bir qator tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-amaliy markazlaridan 200dan ortiq yetakchi mutaxassislar ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika dermatovenerologiya va kosmetologiya ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sobirov, Boshqird davlat tibbiyot universiteti rektori Valentin Pavlov (Ufa, Rossiya), DEKA LASERning O‘zbekistondagi vakili Gulnara Rasulova hamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori Habibulla Akilov so‘zga chiqdi.

Yalpi majlisda ma'ruzalar eshitilgach, tadbirning asosiy ishi «Xirurgiyada lazerlar», «Dermatologiya va kosmetologiyada lazer texnologiyalari», «Kasalliklarni diagnostika va davolashda lazer texnologiyalarini qo‘llash» shu'balarida davom etdi. Shu'balarda lazer texnologiyalari va ularni amaliy sog‘liqni saqlashda, shu jumladan, xirurgiya, dermatologiya, ginekologiya, kosmetologiya, nevrologiya, stomatologiya va boshqa sohalarda qo‘llashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 50dan ortiq ma'ruza tinglandi.

Shuningdek, konferensiyada dori vositalari, diagnostika va davolash uskunalari ko‘rgazmasi ham tashkil qilinib, forum ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiya, shubhasiz, respublikamiz tibbiyotida zamonaviy lazer texnologiyalarini qo‘llash, tibbiyot sohasini eng zamonaviy ilmiy yutuqlar bilan boyitish, malakali tibbiyot kadrlarini tarbiyalash, tibbiyot oliygohlarining chet el universitetlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid