Jahon | 21:03 / 02.05.2021
35335
9 daqiqa o‘qiladi

Oq uydagi 100 kun. Bayden zerikarli prezident bo‘lyaptimi?

AQShning 46-prezidenti Jo Bayden Oq uy rahbarligiga kelganiga 100 kun bo‘ldi. Inauguratsiyadan keyin Bayden uning prezidentligi kutilmagan voqealarsiz o‘tishi va yaqin to‘rt yil davomida kechiktirib bo‘lmaydigan muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanishini aytgandi. VVS Baydenning prezidentlik muddati qanday o‘tayotganini tahlil qildi.

Foto: AP/TASS

Jo Baydenning prezidentligining dastlabki oylariga ta'rif berar ekan, ko‘pchilik siyosatchilar «zerikarli» so‘zini ishlatmoqda. Chindan ham shundaymi?

«Bayden prezidentligining dastlabki oylariga bir so‘z bilan «normallik» deb baho berish mumkin. Endi bir necha kun bemalol yangiliklarni ko‘rmasangiz ham bo‘ladi. Chunki bu vaqtda prezident ishtirokidagi qandaydir mojaroni yoki fond bozorining oyog‘ini osmondan qiladigan tvitni o‘tkazib yubormasligingiz aniq», deydi Klaremont Makken kolleji o‘qituvchisi Jon Pitni.

Bayden uning faoliyatini zerikarli deb baholashlaridan ajablanmasa kerak, chunki uning o‘zi maqsadi Oq uydagi «haroratni tushirish» va bu orqali demokratlar hamda respublikachilar o‘rtasidagi tushunmovchilikni bartaraf etish ekanini aytgandi.

Biroq bunday ishlashi uning reytingiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmayapti. AQSh prezidentlari uchun esa reyting juda muhim omil hisoblanadi. Turli ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, Baydenning faoliyatini 53 foiz amerikaliklar qo‘llab-quvvatlashmoqda. Albatta, bu Trampning butun prezidentlik davridagi reytingidan yuqori hisoblanadi, lekin qolgan prezidentlar bilan solishtirganda, pastroq.

Bayden respublikachi va demokratlar o‘rtasidagi fikrlar xilma-xilligini yo‘qotish borasida bosh qotirayotgan bir vaqtda uni respublikachilardan atigi 12 foizi qo‘llamoqda. 93 foiz partiyadoshlari esa hozircha Baydendan rozi. Taqqoslash uchun, Obamani prezidentligining dastlabki bosqichida 37 foiz respublikachilar qo‘llagan.

Pandemiya

Bayden Oq uy rahbarligiga kelishi bilan ikki masalani hal qilishi kerak edi: ommaviy emlash jarayoni va fuqarolarga navbatdagi iqtisodiy yordam paketini tasdiqlash. «Amerikaliklar uchun ikki jiddiy muammo - bu kovid va iqtisodiy tanglik», degandi Baydenning o‘zi bu haqda.

U prezidentligining 100 kunligida koronavirusga qarshi 100 million kishi emlanishini va'da qilgandi. Bu natijani AQSh hukumati Bayden rahbarligining 58-kunidayoq uddaladi. Keyinchalik Baydenning 100 kunligidagi marrani 200 million qilib olishdi va bu ham muddatidan oldin uddalandi.

Hozirgacha 240 million amerikalik vaksina olishga ulgurdi. Shtatlarga umumiy hisobda 290 million doza vaksina yetkazib berilgan. 100 milliondan ortiq amerikalik ikkinchi dozani ham olgan. Albatta, emlash borasida ishlar Tramp davridayoq tashkil qilina boshlangandi, lekin aynan Bayden rahbarligida minglab emlash maydonlari tashkil etildi va jarayon tezlashib ketdi.

Emlash natijasida AQShda o‘lim ko‘rsatkichlari keskin pasaydi. Masalan, Baydenning ilk ish kunlarida uch minglab amerikaliklar koronavirusdan o‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich minglar bilan emas, yuzlar bilan sanalmoqda. Baydenning administratsiyasi emlash ishlarini amalga oshirishda dunyodagi eng yaxshilaridan biri bo‘lmoqda, chunki 350 million odam (yana millionlab muhojirlar) yashaydigan mamlakatda bunday hajmda emlash ishlarini tashkil qilish oson emas. Biroq ular uchun eng jiddiy muammo shundaki, 20 foiz amerikalik vaksina olmasligini bildirib, oyoq tirab turib olgan va hukumat ularni emlashga ko‘ndirish uchun yaxshigina ter to‘kishi kerak.

Amerikani qutqarish uchun 1,9 trillion dollar

Bayden prezidentligining birinchi haftasida «Amerikani qutqarish rejasi» deb nomlangan iqtisodiy yordam rejasini Kongressga oshirdi. Odamlarga yordam berishni ko‘zda tutuvchi bu paket 1,9 trillion dollarni tashkil etardi. Respublikachilarning qarshiligiga qaramay, dastur qabul qilindi va har bir amerikalikka 1 400 dollardan pul tarqatildi, bolalar uchun ko‘proq pul berila boshlandi, tadbirkorlarga garovsiz va imtiyozli kreditlar berildi, ijarada turuvchilardan undiruvni amalga oshirmaslik bo‘yicha moratoriy joriy etildi, ishsizlik nafaqasi va yordam puli olayotganlarga pul berish muddatlari uzaytirib berildi. Xullas, Amerika dunyoga o‘rnak o‘laroq o‘z fuqarolarini qiyin damda tashlab qo‘ymadi va ularga qo‘rqmay pul tarqatdi.

Bu ishlar o‘z natijasini bermay qo‘ymadi. Davlatning odamlarga iqtisodiy ko‘magi va emlash jarayoni tezlashgani sabab mamlakat iqtisodi 7 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda. Hozirda 10 million amerikalik ishsiz hisoblanadi va ularning soni kun sayin kamaymoqda. Baydenning 100 kunligida mamlakatda 1,2 millionta yangi ish o‘rni yaratildi, lekin shunga qaramay, ishsizlik darajasi 6 foizligicha qolmoqda.

Tashqi siyosat

Baydenning tashqi siyosat bo‘yicha qarorlari ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Ko‘pchilik emlash va iqtisod borasida keskin qarorlar qabul qilishini kutayotgan bir vaqtda Bayden aynan tashqi siyosatda kutilmagan yurishlar qildi. Ayniqsa Rossiyaga nisbatan siyosati Baydenning asosiy o‘zgarishi bo‘ldi. U Putin bilan ilk suhbatidayoq «Tramp emasligi»ni ko‘rsatib qo‘yib, undan ko‘p masalalarda hisob talab qildi. Kremlga qarshi sanksiyalar paketi qabul qilindi. Yetmaganiga Bayden Putinni qotil deb hisoblashini aytdi.

Vashington sanksiyalar Moskvaning oldingi administratsiya vaqtida qilgan ishlari uchunligini aytib, yangi administratsiya munsobatlar mo‘'tadil bo‘lishini xohlayotganini ma'lum qildi. Bu borada ilk qadam ikki prezidentning uchrashuvi bo‘ladi va u yozda o‘tishiga ham kelishib olindi.

Odatda Amerika prezidentlari uchun asosiy mavzularda biri sifatida Eron bilan munosabatlarni ham aytishadi, biroq Bayden hozircha Eron bo‘yicha aniq qaror qabul qilgani yo‘q. U Tramp tomonidan kiritilgan sanksiyalarni bekor qilmasligini aytdi. Vaholanki, Eron yadro kelishuviga qaytishning shartlaridan biri sifatida aynan sanksiyalarning bekor qilinishini aytgandi.

Shuningdek, Bayden Xitoy borasida ham aniq bir qarorga kelmagan ko‘rinadi. Shunday bo‘lsa-da, u Tramp davrida Xitoy mahsulotlariga joriy qilingan bojlarni bekor qilmadi, shuningdek, uyg‘urlarga nisbatan qatag‘on va Hongkong muxolifatini tanqid qilgani uchun Xitoyga qarshi sanksiyalarni tasdiqladi.

Tashqi siyosatda Baydenning yana ikki chiqishi e'tiborni tortadi. U Saudiya Arabistoniga qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha cheklov joriy qildi. Yana Turkiyaning noroziligiga qaramay, Usmonlilar imperiyasi davrida armanlarning ommaviy quvilishi va o‘ldirilishini geneotsid deb tan oldi.

Immigratsiya

Bayden ishga kirishganidan buyon Tramp imzolagan 62ta hujjatni bekor qildi. Xususan, Amerika yana iqlim o‘zgarishlarining oldini olish bo‘yicha Parij kelishuviga qaytdi. Shuningdek, mamlakat yana JSSTni moliyalashtira boshladi. Bekor qilingan hujjatlardan ba'zilari immigratsiya bilan bog‘liq edi. Masalan, Meksika bilan oradagi devor qurilishi bekor qilindi. Fuqarolari AQShga kirishiga cheklov qo‘yilgan 13ta mamlakat «qora ro‘yxat»dan chiqarildi. Ulardan aksari musulmon mamlakatlari edi.

Baydenning bu siyosati mamlakatda yangi ijtimoiy muammolarni keltirib chiqara boshladi. Hozirda har oy AQSh chegarasini Lotin Amerikasidan 80 ming kishi, xususan, bolalar kesib o‘tishga harakat qilmoqda. Mamlakat chegarani noqonuniy kesib o‘tgan fuqarolarni saqlash uchun yangi lagerlar tashkil qilishga majbur bo‘lmoqda va ular to‘lgan. Qochoqlarga esa koronavirus sabab mamlakatga kirib ishlashga ruxsat berilmayapti.

Qurolga cheklov bo‘yicha qaror kechikmoqda

Bayden saylovoldi kampaniyasi vaqtida qurol olib yurish va umuman qurol ishlatish bo‘yicha keskin cheklovlar bo‘lishini va'da qilgandi, ammo bu ishlar kechikmoqda. Shu yilning o‘zida 163ta ommaviy otishma sodir bo‘ldi va ularning hammasida odam o‘limi qayd etildi. Bayden hozircha faqat qo‘lbola qurol olib yurish bo‘yicha cheklov joriy qildi. Ya'ni qismlarini internetdan sotib olib yasash mumkin bo‘lgan qurollarni olib yurish cheklandi. Biroq mamlakatda hamon yuzlab turdagi qurollar sotilmoqda.

Ko‘potar qurollar, avtomatlarni sotishni cheklash bo‘yicha qarorni qabul qilishga esa unga Kongressning yordami kerak bo‘ladi. Respublikachi konservatorlarning qarshiligi bilan esa bunday qo‘llovga erishish qiyin masala.

«Bunkerdagi prezident»

Baydenni saylovoldi kampaniya vaqtida doim uyida bo‘lib, karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgani sabab «bunkerdagi prezident» deb atashardi. U prezidentlikka kirishgach ham oldingi hamkasbi Tramp kabi shoumenga aylanib ketmadi va ijtimoiy tarmoqlarda ham faol emas. Masalan, Bayden kuniga o‘rtacha oltitadan ortiq tvit yozmayapti. Taqqoslash uchun, butun prezidentlik muddati davomida umumiy 9 sutkaga teng vaqtni ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazib, 26 mingdan ortiq tvit yozgan Tramp kuniga o‘rtacha 18tadan post qoldirardi.

Mavzuga oid