Jahon | 20:17 / 10.05.2021
5731
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyada bir oylik lokdaun kiritiladi

Malayziya hukumati koronavirusga qarshi kurash doirasida 12 maydan 7 iyungacha umummilliy lokdaun kiritishga qaror qildi.   

The Straits Times nashrining xabar berishicha, Malayziya bosh vaziri Muhiddin Yassin milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishiga ko‘ra bu haqida ma'lum qilgan.

Lokdaun davomida mamlakatda jamoat tadbirlari o‘tkazish, restoranlarga borish hamda shtatlar va tumanlar ichida ish, shoshilinch holatlar, tibbiy zarurat, emlash yoki turmush o‘rtog‘ini ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda harakatlanish taqiqlanadi. Bir mashinada ko‘pi bilan 3 kishining harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Ish beruvchilarga xodimlarining kamida 70 foizini masofadan ishlashga o‘tkazish buyurilgan. Bundan tashqari, mamlakatda barcha ta'lim muassasalari yopiladi. Bundan xalqaro imtihonlarni topshirayotganlar va ota-onalar istagiga ko‘ra bolalar bog‘chalari istisno qilinadi.

Malayziyada bunday qat'iy lokdaun 22 yanvardan 5 martgacha amal qilgan. Cheklovlar ijobiy natijalar berib, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ancha yaxshilangandi. Biroq hozirda Malayziyada koronavirusga chalinish holatlari yana ko‘payayotgani qayd qilinmoqda. Prognozlarga ko‘ra, may o‘rtalariga kelib, mamlakatda kunlik kasallanish holatlari 5 mingga yaqinni tashkil qilishi, oy oxiriga kelib esa 7 minggacha yetishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Malayziya hukumati bunday qat'iy qadamga Ramazon hayiti – Iyd al-Fitr arafasida bormoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid