O‘zbekiston | 16:11 / 20.05.2021
6578
4 daqiqa o‘qiladi

Beshta hududda 9,33 gektar yerni qonunga zid ravishda sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati IIV va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent, Surxondaryo, Buxoro, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida jami 9,33 gektar yerni qonunga zid ravishda sotishga uringan, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilgan shaxslarni qo‘lga olgan.

Ta'kidlanishicha, DXX va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi ikki nafar fuqaro mazkur tumanning Salar shaharchasi hududidagi 2 gektar yer maydonini 1 mln 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, mazkur yer maydoni 2018 yil Qibray tumani hokimi tegishli qarori bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun Toshkent shahrida yashovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaroga ajratib berilgan bo‘lib, lekin bugunga qadar ushbu manzilda hech qanday amaliy ish qilinmagan. DXX hozir mazkur yer egasini tergov harakatlariga jalb etish choralari ko‘rilayotganini ma'lum qilgan.

DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat hokimligi qurilish majmuasi sobiq xodimi, Termiz shahrida yashovchi ayol Bandixon tumanida joylashgan, o‘z nomidagi mas'uliyati cheklangan jamiyat balansida bo‘lgan 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, ushbu yer maydoni 2020 yil viloyat hokimligi huzuridagi yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya yig‘ilish bayoni asosida issiqxona qurish maqsadida bepul ajratilgan, biroq hozirga qadar hech qanday amaliy ish qilinmagan.

DXX Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda firibgar shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ushlangan.

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi Boyovut tuman bo‘limida mirob bo‘lib ishlovchi shaxs o‘z turmush o‘rtog‘i nomiga sabzavotchilik bilan shug‘ullanish uchun ajratilgan 5 gektar yer maydonini mahalliy fuqaro nomiga hokimiyat idoralarida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari so‘ragan.

Buxoro viloyati Peshku tumanida yashovchi, muqaddam hokimiyat tizimida ishlagan ikki nafar fuqaro qurilish bilan shug‘ullanuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbarining ishonchiga kirib, unga mazkur tuman hududida qo‘p qavatli uy-joy qurish uchun ajratilgan 19 sotix yer maydonini hokimiyatdagi mansabdor tanishlari orqali olib berishni aytib, evaziga 38 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimlarining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida mazkur shaxs so‘ralgan pulni olgan vaqtida qo‘lga olingan. DXX matbuot xizmatiga ko‘ra, ayni paytda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksi tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi shaxs 148 ming AQSh dollari evaziga mansabdor tanishlari orqali Yangihayot tumani hududidan 14 sotix yer maydonini tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib, olib berishni va'da qiladi. DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u 20 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtida ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, u mazkur pul mablag‘ini Yangihayot tumani hokimligi mas'ul xodimiga berishi kerakligi ma'lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxs ham 20 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mavzuga oid