O‘zbekiston | 11:10 / 26.05.2021
6940
2 daqiqa o‘qiladi

Muxtor Toshxo‘jayev Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi etib saylandi

Joriy yil 25 may kuni O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasining Bosh assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir o‘rinbosari - turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan eng asosiy masalalardan biri - bu O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi lavozimiga rahbar saylash edi.

Ushbu masalada bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov so‘z olib, ushbu lavozimga shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Muxtor Toshxo‘jayev nomzodini ilgari surdi.

Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlari hamda Jakarta-2018 (Indoneziya) ParaOsiyo o‘yinlarida yurtimiz paraatletlari tomonidan qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar zamirida Muxtor Toshxo‘jayevning xizmati beqiyos bo‘lgani e'tirof etildi.

Bosh assambleyaga taklif etilgan delegatlar bir ovozdan M.Toshxo‘jayev nomzodini O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi etib sayladi.

Joriy yil 18 may kuni prezident “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tashkil etildi.