Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 18 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish choralari to‘g‘risida»gi Farmoni bilan belgilangan vazifalarni o‘z ichiga olgan.

Qonun O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Bu esa sohada xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda ham muhim omil bo‘ladi. Qolaversa, ushbu hujjat zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llagan holda takomillashtirishga ham yo‘naltirilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyevaga ko‘ra, zargarlikda yopiq yoki yashirincha ishlaydigan holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha samarali tizim ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

«Uzoq yillar davomida tarmoqda qimmatbaho metallar aylanmasining 90 foizdan ortig‘i xufiyona tarzda amalga oshirilgan. Qonunning qabul qilinishi bilan ushbu tarmoqda tadbirkorlar oldida yanada halol ishlash imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Mahsulot sifati oshadi va aholining zargarlik buyumlariga bo‘lgan ehtiyoji ishonchli ta'minlanadi», dedi  Norboyeva.

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qonunning qabul qilinishi aholi bandligiga hissa qo‘shishini ta'kidladi.

«Jismoniy shaxslarning oltin qazib chiqarish bilan bog‘liq faoliyatida ko‘pchilik javobgarlikka tortildi, har xil noxush holatlarga uchragan va o‘lim bilan tugagan holatlar ham yuz berdi. Shularni hisobga olgan holda qonun bilan bu faoliyat tartibga solinmoqda, shuningdek qonun bilan aholi bandligi ham ta'minlanadi. Milliy zargarlik faoliyati yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va uni iste'mol bozoriga olib chiqib sotishda teng sharoitlarni yaratadi», dedi Gadoyev.

Shuningdek, qonun qabul qilinishi qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari, boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasi aniq belgilanishi tarmoqqa investitsiyalar, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, raqobat muhitini yaxshilash uchun qulay sharoit yaratadi.

Xususan, Qonunga binoan ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yoki 50 foizdan kam davlat ulushi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlariga qimmatbaho metallar va toshlarni sarflash, hisobga olish va saqlash tartibini mustaqil belgilash huquqi berilmoqda.