O‘zbekiston | 21:34 / 13.06.2021
14987
12 daqiqa o‘qiladi

Raqobatbardosh sifatli ta'limga qanday erishish mumkin? - Xalqaro tajriba va O‘zbekiston ta'limi

Shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonaviy dunyoda, rivojlangan davlat maqomiga yetishish uchun aholining bilim saviyasi va dunyoqarashi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa mamlakatda ta'lim tizimining to‘g‘ri kompetensiyalari, hayotiy muhim kasb va yetuk bilimlarni shaxsiy, axloqiy hamda fuqarolik fazilatlari uyg‘unligida yoshlarga o‘rgatishni taqozo qiladi.

Foto: KUN.UZ

Rivojlangan dunyoda ustuvor anglo-sakson moliya-iqtisod tizimi yetakchilari Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar ta'lim tizimi negizida o‘qish kompetensiyasi (o‘qib tushunish asosida fikrlash) va matematika yotadi. Boshqa rivojlangan davlatlar ham namuna sifatida o‘zlarining ta'lim mezonida shu ikki omilni asos qilib olgan.

Anglo-sakson ta'lim modelidagi maktab va oliygohlar mustaqil fikrlash va tanqidiy yondashuv asosida ta'lim berishni ko‘zlaydi. Bunda matematika aniqlikni ta'minlab beradi. Bu bilan o‘rganiladigan fan mavzusidagi har bir matn yoki ma'lumotlar bazasi to‘liq o‘rganilib, fanlarning ikir-chikir ma'lumotlari tahlil qilinishi natijasida, o‘quvchi va talaba keng qamrovli mustaqil fikrlashga ega bo‘ladi. Aniqrog‘i, o‘rta va oliy ta'lim «darslik ma'lumoti + qo‘shimcha salbiy va ijobiy jihatlari haqidagi ma'lumotlar + joriy-hayotiy qo‘llanishi = shaxsiy xulosa» formulasi asosida tizimli tarzda olib boriladi. Natijada, oliy ta'lim talabasi 1-kursdan oxirgi kursgacha, o‘z sohasidagi barcha fan ma'lumotlarini mustaqil o‘qiydi, tanqidiy yondashib, seminar darslarida boshqa talabalar va o‘qituvchi xulosalari bilan solishtirib, o‘z sohasining yetuk kadriga aylanadi.

Ammo rivojlanayotgan davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham maktab va oliygohlardagi ta'lim cheklangan ma'lumotga ega darslikdagi va o‘qituvchi bergan oz ma'lumotni o‘quvchi va talaba miyasiga singdirish, ya'ni ko‘pincha o‘quvchi va talabalardan tushunmasdan yodlash talab qilinadi. Buning natijasida, ularda o‘z sohasi bo‘yicha tushunarsiz va amaliy qo‘llash uchun zaif bilim hosil bo‘ladi. Shuning uchun ham faqat darslik-kitob yoki o‘qituvchining cheklangan ma'lumotlari asosidagi bunday dars maktabda va oliygohda zerikarli bo‘ladi.

Oxirgi paytlarda Buyuk Britaniya kabi flagman davlatlardagi ta'lim ko‘rsatkichlari o‘zining an'anaviy ijobiy ko‘rsatkichlarida tursa-da, Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy va Finlandiya davlatlari o‘zlarining a'lo ta'lim ko‘rsatkichlari bilan o‘zlariga namuna qilib olgan flagman davlatlardan o‘zib ketmoqda. Bu jarayon ta'limni baholash xalqaro tashkilotlari PISA va TIMSS reytinglarida o‘z ifodasini topyapti.

Singapur 1965 yil mustaqil bo‘lganda, xarob davlat sifatida, yer tanqisligi, tabiiy boyliklar va aholi uchun uy-joy yo‘qligi hamda ommaviy ishsizlik, shuningdek, o‘z-o‘zini ta'minlay olmaslik kabi muammolar girdobida bo‘lsa ham, ta'lim bo‘yicha 4ta islohot o‘tkazdi.

Birinchi ta'lim islohoti mustaqillikning ilk yillaridan – 1978 yilgacha. Islohot natijasida xitoycha maktablar tashkil etildi.

Ikkinchi ta'lim islohoti 1979-1996 yillar amalga oshirildi. Bunda Singapur ingliz tilini ta'limda ustuvor qilib, ta'lim ingliz tilida tashkil qilindi. Shu 17 yillik ta'lim islohoti natijasida, dunyo tan olgan ta'lim tizimi tashkil topdi va bu tizim Singapur jahonning rivojlangan davlatlar safiga kirishiga sababchi bo‘lganini barcha analitiklar ta'kidlashadi.

Keyingi 3– (1997—2011) va 4-islohot (2012—2018)lar Singapurni kelajakdagi ideal davlat ko‘rinishiga olib chiqishga xizmat qildi.

Janubiy Koreya, hozirgi kunda, IT sohasida dunyoda tengsiz davlat, kichik hududda 52 million aholisi bilan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Bu yutuqlar asosan ta'lim islohotlari natijasida bo‘lgani hech kimga sir emas. Bu davlat 1948—1960 yillarda savodxonlik bo‘yicha muammolarga ega edi.

1961—1980 yillarda «O‘rta ta'limni universallashtirish va kasbiy ta'limni kengaytirish» islohotlari Janubiy Koreyadagi savodxonlik muammolarini hal qilganidan keyin 1981—1997 yillarda «Oliy ta'limni kengaytirish va yuqori malakali ishchi kadrlar tayyorlash» islohoti va 1998 yildan hozirgacha davom etayotgan «Ta'lim kreativlik va high-tech sifati uchun» ta'lim islohotlarini boshdan kechirdi. 1981—1997 yildagi 16 yillik ta'lim islohoti koreys xalqi hayotini tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa, oxirgi islohot uni dunyoda IT va yaratuvchanlik bo‘yicha 1-o‘ringa olib chiqdi.

Oxirgi ikki islohotda ingliz tili ta'limga vositachi sifatida qo‘llandi va 2010 yilda koreys universitetlarining beshdan ikki qismida darslar to‘liq inglizchada tashkil etildi.

Xitoy 1998—2017 yillarda 900 ming talabasini dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga yubordi. Natijada, shu kadrlar Xitoy oliygohlarida o‘zlaridek kadrlarni tayyorlash uchun va xalq xo‘jaligining turli sohalarida faol xizmat ko‘rsatmoqda. Xitoy dunyoda eng ko‘p ta'lim oluvchi kontingentga ega (har yili 8 million bitiruvchi) bo‘lsa-da, ta'lim sohasida kerakli va samarali islohotlar qilishni eplamoqda va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha juda ko‘p rekordlarni yangilamoqda.

Skandinaviya mamlakatlari, ayniqsa, Finlandiya maktab ta'lim tizimida ta'limdagi zamonaviy va yangi islohotlar orqali dunyodagi eng yaxshi xalq ta'limi tizimiga erishdi.

Finn maktabi tizimining inqilobiy islohotlari quyidagilar:

1) o‘qituvchilikka faqat magistr darajasiga ega mutaxassislarni qabul qilish;

2) ta'limda hech qanaqa standart testlarning yo‘qligi;

3) ta'limda raqobat emas, balki hamkorlik prinsipi;

4) ijtimoiy tengsizlikni muvozanatlashtiruvchi ta'lim;

5) hamma o‘quvchilar uchun maktabdagi bepul ovqatlanish;

6) sog‘liqni saqlashning ta'limdagi ishtiroki;

7) psixologik maslahatlashuvlar;

8) ta'limdagi individual yondashuv;

9) bemalol ta'lim vaqti (9:00 – 14:00) yoki (9:45 – 14:45) – bu o‘quvchi sog‘ligi, o‘sishi va ruhiy xotirjamligini ta'minlaydi;

10) barqaror ta'lim va yo‘l-yo‘riq bir xil o‘qituvchilar tomonidan berilishi;

11) stressdan xoli va mehrga to‘la ta'lim muhiti;

12) vazifalar asosan maktabda bajarilib, kam uy ishi berilishi.

Ta'kidlash joizki, ta'limdagi islohot omillari qatorida xalqaro muloqot va biznes tili bo‘lgan ingliz tilining Finlandiya aholisi orasida ommalashishi ushbu davlat maktab ta'limi bo‘yicha dunyoda eng zo‘r bo‘lishini ta'minlab kelmoqda.

Dunyo xalq ta'limi reytingida to‘rtta eng zo‘r davlat bilan O‘zbekiston qiyosi (oxirgi yillarda eng ustuvor omillar ko‘rsatkichida).

Yuqoridagi davlatlarning (16 yildan 29 yilgacha) davom etgan va nisbatan qiyin kechgan ingliz tilidagi flagman ta'lim islohotlari tajribasini tahlil qilgan holda, O‘zbekiston mentaliteti, strategiyasi va imkoniyatlaridan kelib chiqib, rivojlangan davlatlar qatorida munosib o‘rin egallashimiz uchun hamda yaqinda boshlangan ta'lim islohotlariga quyidagi tavsiyalarni berish mumkin:

Birinchidan, mustaqillikdan keyin, tarqoq holatdagi bog‘chalarning Maktabgacha ta'lim vazirligiga biriktirilishi hamda maktabgacha ta'lim majburiy qilinishi boshlangan ta'lim islohotlarining fundamental bosqichi hisoblanadi. MTTlarda bolajonlarga o‘z ona tillarida belgilangan savodxonlik (o‘qish va yozish)ni o‘rgatish bilan birga, xorijiy tilda oddiy muloqot – tematik so‘zlashuv usulida gapirish va tinglash mashg‘ulotlari audio- va videoqo‘llanmalar asosida o‘rgatilishi maqsadga muvofiq. Chunki 3—6 yoshli bolalarda eshitish va gapirish orqali ma'lumotni o‘zlashtirish qobiliyati juda kuchli bo‘ladi.

Ikkinchidan, o‘rta maktab ta'limining ilk yillaridan, mustaqil fikrlash uchun asos bo‘ladigan o‘qish kompetensiyasi (o‘qish va tushunish tezligi mutanosibligi) mukammal amalga oshirilishi kerak. Avval boshlang‘ich maktabda o‘quvchilarning faqat o‘qish tezligi baholanardi. Bu bolalarda tushunmasa ham tez o‘qish tendensiyasini mustahkam shakllantirgan va mustaqil fikrlash qobiliyati uchun katta zarba bo‘lgan. Mantiqan olib qaraganda, o‘quvchi xohlagan matnni qanchalik tez o‘qimasin, ammo uning mazmunini tushunmasa, bu uning o‘qib uqmasligini ta'minlaydi, xolos.

Shu bilan birga, matematika ham tabiiy usulda motivatsion yo‘l bilan o‘rgatilishi kerak. Shunda bola o‘zining yoshiga mos istalgan fan kitobini o‘qib, tushunib, u haqda mustaqil fikr ifodalay olishi mumkin. Qiyin matnlar uchun matematik mantiqiy-analitik yondashuv yaxshiroq tushunishni ta'minlaydi. Bu har bir fan uchun eng muhim talab hisoblanadi.

8-sinfgacha o‘quv dasturidagi hamma fanlar «o‘qib tushunish asosida mustaqil fikrlashga urg‘u berib» o‘rganilganidan keyin, 8-sinf o‘quv yili boshida 1 yoki 2 oy ingliz tili «0(Alifbe) dan B2(5.5-6.5) kompetent ingliz tili 30 kunda» darslik kitobi asosida o‘rgatilgach, matematika, fizika, kimyo va biologiya kabi aniq fanlar ingliz tilida olib borilsa, o‘quvchilar rivojlangan davlatlardagi maktab ta'limiga mos jahon standartlari bo‘yicha bilim oladi. Ya'ni hozirgi Prezident maktablarida o‘rgatiladigan darsliklar va o‘quv dasturini, shu 8-sinf o‘quvchilari mos ravishda inglizchada o‘qib, o‘zlashtirishlari mumkin bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha tarzda, 9-10- va 11-sinflarda, kasb mahoratlarini ko‘proq kitoblarda yoki video va boshqa turli ilovalar ko‘rinishida ingliz tilida amaliy o‘zlashtirib, kelajak uchun zarur kasb-hunarlarni ham egallashlari mumkin. Chunki ingliz tilida barcha kasblar bo‘yicha innovatsion va motivatsion malaka ko‘nikmalari mavjud.

Uchinchidan, yurtimiz oliy ta'limida boshlangan islohot – kredit-modul tizimi asosida oliy ta'limni tashkil qilishda o‘quv yili boshlanishidan avval «0(Alifbe) dan B2 (5.5-6.5) kompetent ingliz tili 30 kunda» darsligini talabalarga va professor-o‘qituvchilarga o‘rgatib, so‘ng oliy ta'limda original kredit-modul tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin. Zotan, oliy ta'limdagi asl kredit-modul tizimi talabaning bir semestrda davlatimiz universitetida olgan bilimlarini keyingi semestrda xuddi shunday boshqa rivojlangan davlat universitetida teng darajada o‘qiy olishini ta'minlashga xizmat qilishi kerak. Bu Xalqaro oliy ta'lim bo‘yicha Boloniya tizimining asosiy talabi.

Agar talabalarimiz va professor-o‘qituvchilarimiz yuqoridagi darslik va «B2 dan C2 (8.5-9) eng yuqori darajadagi ingliz tili uch oyda» kitobini o‘zlashtirishsa, hayotiy muhim sohalar (meditsina, qishloq xo‘jaligi, aniq fanlar, iqtisodiyot, high-tech va sanoat kabi yo‘nalishlar) bo‘yicha dunyo reytingida birinchi o‘ntalikka kiruvchi universitetlar filiallari yoki analoglarini O‘zbekistonda flagman-universitetlar sifatida ochib, mamlakatimiz oliygohlari ilmiy salohiyatini ularning salohiyati bilan muvofiqlashtirish va shu nufuzli flagman-universitetlar orqali O‘zbekistonni dunyoning oliy ta'lim markazlaridan biriga aylantirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Bu o‘z o‘rnida, yurtimiz uchun hayotiy muhim yetuk kadrlarni tayyorlashga va xorijiy talabalar bu oliygohlarda tahsil olishlari evaziga ko‘p foyda va daromad olib kelishiga xizmat qiladi.   

Abdulaziz Hojiyev, tilshunos, ingliz tili o‘qituvchisi,
1997 yilgi «Umid» stipendiyasi sovrindori.

Mavzuga oid