Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Parrandachilik xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi. Tadbirkorlar uchun ayrim soliq stavkalari 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi
Prezident “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Parrandasanoat” uyushmasining 2021 yil 1 iyundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga – o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika budjetidan subsidiya ajratish taklifi ma'qullandi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq;
a) tijorat banklari tomonidan 2025 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:
- omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik sub'yektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
- parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;
b) kushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni ishga tushirgan tadbirkorlik sub'yektiga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan subsidiya beriladi.
Bunda, ushbu bandning “b” kichik bandida belgilangan subsidiya to‘lovi 1-ilovaga muvofiq hududlarda tashkil etiladigan sanitariya va ekologiya talablariga, shu jumladan, ISO 22000 HACCP standartiga javob beradigan dastlabki 14 ta zamonaviy kompleksga ular ishga tushirilgandan so‘ng beriladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun 85 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladi. Bunda:
- 1-bosqichda – 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar 2021 yil 1 iyulga qadar, shundan 15 million AQSh dollari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirish uchun;
- 2-bosqichda – 35 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar, 1-bosqich mablag‘larining ishlatilishi samaradorligini baholash natijalari bo‘yicha Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashining qaroriga asosan yo‘naltiriladi.
Belgilab qo‘yilishicha:
- 2021 yil 1 iyuldan boshlab 2024 yil 1 iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi;
- 2022 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik sub'yektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
- “Parrandasanoat” uyushmasiga a'zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan parrandachilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning 6 oylik ish haqi miqdorining 50 foizi, biroq oyiga 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. “Parrandasanoat” uyushmasi raisi bir vaqtning o‘zida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining parrandachilik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:41 / 23.06.2026
O‘zbekistonda 464 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
12:41 / 23.06.2026
Namanganda parrandachilikning to‘liq sanoat sikli yo‘lga qo‘yilmoqda
08:32 / 17.03.2026
Yirik va megaloyihalar uchun parallel ekspertiza amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
15:31 / 14.03.2026