
Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanning «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi navbatdan tashqari o‘tkazilgan parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. Armaniston MSK ma'lumotlariga ko‘ra, ovozlarning 100 foizi hisoblab chiqilganidan keyin , Pashinyanning partiyasi 53,92 foiz ovoz olgani ma'lum bo‘lgan, mamlakatning sobiq prezidenti Robert Kocharyanning «Armaniston» blokiga esa 21,04 foiz saylovchi ovoz bergan.
Armanistonning yana bir sobiq prezidenti Serj Sargsyan «Shon-sharaf» bloki 5,23 foiz ovoz to‘plagan.
Partiya uchun parlamentga o‘tish to‘sig‘i 5 foiz, bloklar uchun esa 7 foiz hisoblanadi.
Saylovoldi kampaniyasi qizg‘in kechgani elektoratni ham faollashtirdi va armanistonliklarning siyosatchilardan hafsalasi pir bo‘lgani haqida gapirib kelgan ekspertlarning kutganidan farqli o‘laroq, saylovda davomat yetarlicha yuqori bo‘ldi. Armaniston Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan saylovchilarning qariyb 50 foizi saylov uchastkalariga kelgan.

Kutilmagan g‘alaba
Grigor Atanesyan, BBC korrespondenti, Yerevan
Bu Pashinyanning kutilmagan g‘alabasi bo‘ldi. Uning partiyasi saylovchilarning qariyb 54 foizi ovozini oldi va parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘ldi, bu esa unga hukumatni shakllantirish imkonini beradi.
Ekspertlar ham bunday natijani kutishmagandi - o‘tgan yilgi Qorabog‘ urushidagi mag‘lubiyatdan keyin Pashinyanning reytingi keskin pastlagan, ijtimoiy so‘rovlar ham uning partiyasi ancha kamtarroq natija qayd etishini ko‘rsatayotgandi.
Ammo ko‘pchilik Pashinyanga berilgan ovozlarni mamlakatni 20 yil mobaynida boshqargan va hozirgi saylovda muxolifatchi sifatida qatnashgan ikki sobiq prezidentga qarshi berilgan ovozlar deb hisoblamoqda.
Bu saylovlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, odamlar avvalgi rejim qaytishini istashmaydi.
Ammo poytaxt Yerevanda Pashinyanning partiyasi 50 foizdan kamroq ovoz oldi - bu esa elita qatlamining hokimiyatdan ko‘ngli qolgani ifodasidir. Diplomatlar, davlat xizmatchilari, harbiylar va huquq-tartibot organlari vakillari bosh vazirning muvaffaqiyatsiz siyosatini tanqid qilishmoqda, ziyolilarni esa uning balandparvoz shiorlarga va ko‘chalardagi aksiyalarga tayanadigan populistlarcha uslubidan zada bo‘lishgan.
















