15:05 / 30.06.2021
33126

SSV Toshkentda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ortib borayotgani haqida ma'lum qildi

«Tez yordamga» so‘nggi 10 kun ichida 200dan ortiq bola COVID-19 alomatlari bilan murojaat qilgan, ulardan 191 nafari Zangiotadagi shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi CALL-markazi bo‘lim boshlig‘i Nasiba Mahmudovaga asoslanib Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Nasiba Mahmudova / SSV matbuot xizmati

«Bilamizki, koronavirus infeksiyasi dastlab katta yoshli insonlarda ko‘proq kuzatilib, O‘zbekistonda ham pandemiyaning ilk davrlarida yosh bolalar deyarli COVID-19ga chalinmagan. Afsuski, bugunga kelib, bu virus ularni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda bolalar kontingenti ichida ham kasallanish holatlari tez-tez aniqlanmoqda. 

Jumladan, joriy yil aprel oyida «103» xizmati orqali 131 nafar bola xastalik belgilari bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan. May oyida bu raqam 152 nafarga yetgan bo‘lsa, iyun oyining 28 sanasiga qadar 316 nafarni tashkil qildi.

Ayni paytda shahar «103» xizmati CALL-markaziga bir kunda o‘rtacha 3900-4000 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. So‘nggi 10 kun ichida (19-28 iyun kunlari) esa bolalarda koronavirus kasalligi belgilari bilan 203ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan va ushbu virusga PZR testi topshirib, musbat natija qayd etilgan 18 yoshgacha bo‘lgan 191 nafar bemor bolalarga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular «103» xizmat orqali Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borildi», deya Nasiba Mahmudovaning so‘zlarini keltirmoqda SSV matbuot xizmati.

Mutaxassis koronavirus infeksiyasi yanada keng tarqalib ketmasligi uchun tavsiyalar berib o‘tgan.

«Sir emas, bugun Yer yuzida koronavirus infeksiyasi kirib bormagan mamlakat qolmadi, hisob. Afsuski, ayrim yurtdoshlarimizning karantin qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat keyingi 15-20 kun ichida yana murakkablashdi. Ba'zi insonlar mas'uliyat va javobgarlik hissini unutib, «koronavirus menga va yaqinlarimga yuqmaydi» qabilida ish tutayotgani shundoq ham qaltis bo‘lib turgan epidemiologik vaziyatni yanada izdan chiqarmoqda.

Shu bois, eng avvalo, har birimiz karantin qoidalariga so‘zsiz amal qilish, eng bebaho ne'mat bo‘lgan sihat-salomatlikni asrash va himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishimiz lozim. Zarurat bo‘lmaganda odamlar gavjum bo‘lgan joylarga bormaslik, ijtimoiy masofa saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilish va niqob taqib yurishni tavsiya qilaman.

Eng asosiysi, ko‘p narsa o‘zimizga bog‘liq bo‘lib, agar sabr-toqat, qat'iyat va jipslikda harakat qilsak va emlash tadbirlariga jiddiy e'tibor qaratsak, o‘ylaymanki, bu ofat tez kunda boshimizdan ariydi. Eng asosiysi, bu bilan o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligini asragan bo‘lamiz», degan u.

Mavzuga oid
Top