14:06 / 07.07.2021
1235

Navoiy IESni gaz bilan ta'minlaydigan quvurda nosozlik yuzaga keldi. 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatildi

Navoiy issiqlik elektr stansiyasini gaz bilan ta'minlaydigan quvurda nosozlik yuzaga kelgan. 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bu holat mamlakatning turli hududlarida elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga sabab bo‘ladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 7 iyul kuni soat 05:48da Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan. Hozirda mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun «Navoiy-4» gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz ta'minoti to‘xtatilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur ishlarni to‘liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi. Shu sababli mamlakatning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta'minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, iyul oyining birinchi yarmida O‘zbekiston hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi oqibatida 6-8 iyul kunlari mamlakatning sutkalik elektr energiyasi iste'moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘p.

«Respublikamiz suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda», deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotda.

Mavzuga oid
Top