Voqea joyida olingan videoda ko‘rish mumkinki, chorshanbaga o‘tar kechasi qarorgohda haqiqiy jang kechgan. Uy devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketgan.

Qotillikdan bir necha soat vaqt o‘tib qarorgohda hujumda ishtirok etganlarning to‘rt nafari xavfsizlik kuchlari bilan otishma vaqtida o‘ldirildi, yana ikki kishi qo‘lga olindi. Politsiya hujumga aloqador bo‘lgan yana bir necha kishi poytaxt Port-o-Prensda yashiringanini taxmin qilmoqda.

Jinoyatchilar haqida faqat ular professionallar kabi harakatlangani, yaxshi qurollangani, bir-biri bilan ingliz va ispan tillarida gaplashgani (Haiti - fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat) va xorijliklar kabi ko‘rinishda bo‘lgani aytilgan. Hukumat ularni yollanma jangchilar deb atamoqda.

Qotillikni buyurtma qilganlar va ularning motivlari haqida hozircha batafsil ma'lumotlar yo‘q. Ammo ro‘y bergan voqeat u qadar ajablanarli holat bo‘lmadi.

Sky News telekanali jurnalisti Styuart Ramsey haitilik tanishlari bilan bu borada suhbatlashgan. Ular bir ovozdan barchasi shunga qarab kelgani va eng asosiy voqealar hali oldinda ekani haqida gapirishgan.

«Bu bo‘rondan oldingi sukunat», degan ulardan biri mamlakatdagi vaziyat haqida.

Haiti prezidenti qarorgohga qilingan hujumda o‘ldirildi. Uning rafiqasi ham jarohatlangan

Huquqiy bahslar va ikki prezident
«Bular oddiy banditlar bo‘lishi ham mumkin edi, ammo odatda ularning ishi bunday yaxshi tashkillashtirilmaydi. Bular siyosatchilar bo‘lishi ham mumkin, lekin buni aniq aytib bo‘lmaydi», degan Ramseyning boshqa bir suhbatdoshi.

Haiti uchun davlat to‘ntarishlari - odatiy holat, ammo bunday hollarda fitnachilar tezda teleekranlarda ko‘rinish berib, bayonot bilan chiqishadi. Bu safar esa bunday bo‘lmadi.

Hujum qiluvchilar qarorgoh hududiga qanday qilib kirib olishgani hozirgacha noma'lum

Shu yilning fevral oyida ham davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani xabar qilingandi. O‘shanda 23 kishi, shu jumladan, Haiti oliy sudi raisi va yuqori martabali politsiya boshlig‘i hibs qilingandi. Ular bu isyon bo‘lmagani, balki konstitutsion tartib o‘rnatishga qaratilgan harakat ekanini bildirishgan — ularning fikricha, Moizning vakolat muddati 2021 yil 7 fevralida yakuniga yetishi kerak edi.