Sport | 20:44 / 16.07.2021
8760
10 daqiqa o‘qiladi

Navasdan Shevchenkogacha. Milliy jamoasi bilan sovrin yutmagan jahon yulduzlari ramziy jamoasi

Bir necha kun avval Lioyenl Messi Argentina milliy jamoasi bilan Amerika kubogida zafar quchib, 15 yillik orzusiga erishdi. Uzoq yillar o‘z vatani jamoasiga sovrin yutib berishni maqsad qilgan futbol dahosi nihoyat niyatiga yetdi.

Lekin bu orzusi ushalmay qolgan va hamon milliy jamoa bilan titul yutmagan futbol yulduzlari qancha? Keling, XXI asrda to‘p tepgan mana shunday futbolchilarning ramziy jamoasini tuzib chiqamiz. Boshladik.

Darvozabon: Keylor Navas (Kosta-Rika)

Milliy jamoa safida: 93ta o‘yin

«Real»ga o‘tgach, ketma-ket 3 marta Chempionlar ligasida zafar quchgan Navas bu yo‘lda «blankos»ga katta yordam bergandi. Umuman, klubdagi faoliyatidan Navasning ko‘ngli to‘liq xotirjam. U katta titullarning deyarli barchasini yutishga erishdi.

2014 yilgi jahon chempionatidagi harakatlari orqali dunyo futbolida katta yulduzga aylangan Keylor mundialning 5 o‘yinida 3ta «quruq o‘yin» qayd etgan va 3ta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. 2009 va 2011 yilgi Shimoliy Amerika birinchiligida finalda o‘ynagan kosta-rikaliklar afsonasi o‘shanda bor imkoniyatini boy berib bo‘lganini bilmagan bo‘lsa kerak. U paytda darvozabon o‘zining eng kuchli formasida emasdi. Balki, o‘zining eng yulduzli davrlarida shu kabi finalda ishtirok etganda, jamoasiga chempionlikni taqdim etishi ham mumkin edi. Hali 34 yoshli kiperda buning uchun imkoniyat bor. Lekin endi g‘oliblikka erishish ehtimoli juda pasayib bormoqda.

O‘ng qanot himoyachisi: Xaver Zanetti (Argentina)

Milliy jamoa safida: 143ta o‘yin

Argentina va «Inter» afsonasi hisoblangan Xaver Zanetti ham milliy jamoa tarkibida birorta sovrin yutolmaganlardan. 19 yil «neradzurrilar» va 17 yil «albiseleste» uchun mehnat qilgan futbolchi har ikkala jamoasida ham afsona hisoblanadi.

Yoshlar jamoalaridagi yutuqlarni hisobga olmasak, Zanetti Argentina libosida birorta titulga erishmagan.

Markaziy himoyachi: Rio Ferdinand (Angliya)

Milliy jamoa safida: 81ta o‘yin

Angliyaning uzoq yillik ishonchli markaziy himoyachisi ham o‘z pozitsiyasida milliy jamoa uchun birorta titul yuta olmagan sobiq futbol yulduzi hisoblanadi. 2002 va 2006 yilgi jahon chempionatlarida «uch sherlar» markaziy himoyasida asosiy va almashtirib bo‘lmas futbolchi bo‘lgandi. Asrimiz boshida Angliyaning «oltin avlodi» deb ta'riflangan tarkibi ham xalqaro musobaqalarda zafar qucha olmadi. Ferdinand o‘sha omadsizlardan biri. Chempion bo‘lish uchun yetarli salohiyat va imkoniyatlarga ega bo‘lgan jamoa yetakchisini boshqacha ta'riflash mumkin emas.

Markaziy himoyachi: Jon Terri (Angliya)

Milliy jamoa safida: 78ta o‘yin

Ferdinandning milliy jamoadagi sherigi ham klub miqyosida yaxshigina sovrindor hisoblanadi. Biroq milliy jamoada birorta sovrin yutishga erisha olmagan. «Chelsi»da bo‘lgani kabi Angliya milliy jamoasida ham Terriga afsona sifatida qarashadi. Farqi shundaki, u «aristokratlar» bilan yutishi mumkin bo‘lgan deyarli barcha sovrinlarni yutib chiqqan. Angliya uchun sovrin yuta olmagani haqida ortiqcha qayg‘urmasa ham bo‘ladi. Boisi, bu jamoada u kabi ko‘plab futbol afsonalari sovrinsiz faoliyat olib borishgan.

Chap qanot himoyachisi: Erik Abidal (Fransiya)

Milliy jamoa safida: 68ta o‘yin

2004-2014 yillar mobaynida «uchranglilar» sharafini himoya qilgan Abidal ham ushbu jamoamizning faxriy a'zolaridan biri. Uning omadsizligi Fransiya uchun ikki sovrinli davr oralig‘ida faoliyat olib borganidadir. 1998 va 2018 yilgi chempionliklar oralig‘ida fransuzlar jamoasi katta avlodlar almashinuvini va pastlashni amalga oshirdi. Buni to‘g‘ri qabul qilish lozim, Zidan darajasidagi yulduzdan so‘ng, yangi jamoa qurib chiqish har qanday holatda ham oson bo‘lmaydi.

Abidal ham bundan oldin esga olgan futbolchilarimiz kabi klubdagi faoliyatidan butkul ko‘ngli to‘q. Milliy jamoada esa unga omad yetishmagan.

Tayanch yarimhimoyachisi: Klod Makelele (Fransiya)

Milliy jamoa safida: 71ta o‘yin

Asrimizning dastlabki o‘n yilligida to‘p tepgan eng sifatli tayanch yarimhimoyachilaridan biri bo‘lgan Makelele haqida ham Abidalga ishlatgan gaplarimizni aytsak bo‘ladi. Fransiyaning 1998 va 2000 yilgi katta yutuqlariga uning butkul aloqasi yo‘q. 2006 yilgi Berlin finali uning uchun milliy jamoa miqyosida titulga erishishga eng yaqin kelgan o‘yini hisoblanadi. Bundan keyingi davrda faranglar jamoasi bir muddat katta titullar uchun da'vogarlik qilmadi.

Markaziy yarimhimoyachi: Luka Modrich (Xorvatiya)

Milliy jamoa safida: 142ta o‘yin

Ushbu ramziy jamoamizda milliy jamoasi uchun Modrichdan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan futbolchini topa olmaysiz. Xorvatiyalik yarimhimoyachi hali faoliyatini yakunlmagan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan endi milliy jamoani titul sari yetaklay olmaydi. 2008 yilgi Yevropa chempionati pley-offida penaltini aniq amalga oshira olmagan Luka buning uchun ayblanishi kerak emasdi. Guruh bosqichida musobaqa mezboni va bo‘lg‘usi finalchi Germaniyani ham mag‘lub etib, 9 ochko to‘planishida uning xizmatlari katta edi. 2018 yilda ham Modrich Rakitich va Perishich kabi jamoadoshlari bilan birga jamoani mundial finaliga qadar yetaklab olib bordi. Klass jihatidan raqibidan yaqqol ustun bo‘lgan Fransiya finalda u qadar katta qiyinchilikka uchramadi. Modrich esa musobaqaning eng yaxshi futbolchisi unvoni bilan chegaralanishga majbur bo‘ldi.

Hujumkor yarimhimoyachi: Uesli Sneyder (Niderlandiya)

Milliy jamoa safida: 134ta o‘yin

Niderlandiya futbolidagi o‘ziga xos futbolchilardan biri hisoblangan Sneyder ham milliy jamoada sovrinlardan benasib qolgan. Ayrimlar uni 2010 yilgi «Oltin to‘p»da yutishi kerak edi, deb hisoblaydi. Bu fikrlarda qaysidir ma'noda asos ham bor.

Ueslining bugungi kundagi vazni alohida mavzu. Biroq futbolchilik faoliyati ancha yorqin kechganini yaxshi eslaymiz. Jarima zarbalardagi mahorati va klassik 10-raqam pozitsiyasidagi samarali harakatlari bilan muxlislar mehrini qozongan futbolchining milliy jamoa bilan titul yutmagani achinarli.

O‘ng qanot vingeri: Aren Robben

Milliy jamoa safida: 96ta o‘yin

Aren Robben eng kuchli davrlarida o‘zi qatnashgan barcha turnirlarning eng katta yulduzlari qatorida e'tirof etilardi. U o‘z xarizmasi va emotsional harakatlari bilan har bir o‘yinni bezab berardi. 2008 yilgi Yevropa chempionati, 2010 va 2014 yilgi Jahon chempionatlari, shular jumlasidan. JARdagi mundial finalida 2ta birga bir imkoniyatni golga aylantira olgan taqdirda, azaliy armoni ushalishi mumkin edi. Uni Niderlandiya futboli busiz ham qahramondek yod etadi. Jahon kubogini taqdim eta olgan taqdirda, u millat qahramoniga aylanardi.

Chap qanot vingeri: Frank Riberi

Milliy jamoa safida: 81ta o‘yin

Ehtimol, aksariyat futbol muxlislarining nazdida o‘z milliy jamoasining timsoliga aylangan Pavel Nedved ushbu pozitsiyaga haqliroqdek ko‘rinishi mumkin. Lekin ochig‘ini tan olish lozimki, milliy jamoa bilan titul yutish imkoniyati chexlarda shundoq ham kam edi.

Riberi o‘z vaqtida «Oltin to‘p»ni yutish uchun nomzodlar uchligiga ham kirgandi. Klubi bilan katta titullarning barchasini yutdi. 2006 yilgi jahon chempionati finali uning uchun milliy jamoa libosidagi eng yorqin va alamlisi bo‘lsa kerak.

Markaziy hujumchi: Andrey Shevchenko

Milliy jamoa safida: 111ta o‘yin

Ukraina futbolida murabbiy sifatida ham tarix yarata boshlagan Sheva markaziy hujum zonamiz uchun ideal nomzod. Ha, unda milliy jamoa bilan titul yutish imkoniyati u qadar yuqori emasdi. Biroq «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan yulduzning milliy jamoa bilan birorta titul yutolmagani achinarli.

Futbolchi sifatida yaratgan rekordlarini bugun murabbiy sifatida yangilab bormoqda. Kim biladi, futbol mo‘jizalarining navbatdagisi aynan Ukraina nomi bilan bog‘lanar va Andrey o‘z milliy jamoasida murabbiy sifatida chempionlik unvoniga erishar. Unga faqat omad tilaymiz.

Zaxira: Yan Oblak, Roberto Ayala, Eshli Koul, Frenk Lempard, Rui Koshta, Devid Bekxem, Pavel Nedved, Dide Drogba, Zlatan Ibrahimovich, Robert Levandovski.

Abdulvosid Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid