Jahon | 11:43 / 24.07.2021
5301
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Bayden impichment qilinishi kerakligi aytildi

Washington Post nashri sharhlovchisi Mark Tissen AQSh prezidenti Jo Bayden impichment qilinishga loyiq ekanini aytdi. Uning ta'kidlashicha, bunga sabab “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri bo‘yicha Vashington va Berlin o‘rtasida erishilgan kelishuv hisoblanadi.

Foto: Reuters

Tissenning aytishicha, 2019 yilda demokratlar impichment jarayonini AQShning 45-prezidenti Donald Trampga qarshi qo‘llagan. Ular ta'kidlaganidek, bunga Trampning Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga Jo Baydenning o‘g‘li Hanter Baydenga nisbatan tergov boshlash talabi bilan bosim o‘tkazgani sabab bo‘lgan.

“Endi esa Bayden ma'muriyati Zelenskiy AQSh va Germaniya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘nishi uchun ehtimol uning “qo‘lini qayirgan” bo‘lishi mumkin. Ushbu kelishuv Berlin va Moskvaga “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri qurilishini yakunlashga imkon beradi”, deb aytgan sharhlovchi.

Uning ta'kidlashicha, Bayden Ukraina prezidentiga bu masalada ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bu Zelenskiy Kiyev uchun benaf kelishuvga rozi bo‘lishi maqsadida qilinmoqda.

“Bu yuz berganda, Moskva G‘arbiy Yevropani gaz ta'minotidan uzmagan holda, Kiyevga gaz yetkazishni to‘xtatishi mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan jurnalist.

Ta'kidlanishicha, Donald Tramp prezident lavozimidan ketishidan oldin gaz quvuri loyihasiga qarshi sanksiyalar kiritib, uning qurilishini to‘xtata olgandi.

Avvalroq AQSh va Germaniya “Shimoliy oqim-2” bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Unga ko‘ra, gaz quvuri qurilishini ma'lum shartlarga ko‘ra yakunlash mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid